Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

“O‘zbekiston va Koreyadagi migratsiya: hozirgi holat va muammolar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o’tkazildi

Bugungi kunda zamonaviy dunyo har bir davlat milliy xo'jaligi va butun jahon iqtisodiyotining samarali faoliyat yuritishini ta'minlaydigan global migratsiya jarayonlari bilan tavsiflanadi. Migratsiya oqimlari davlatlararo munosabatlarga, demografik vaziyatga, mehnat bozorlarining shakllanishiga va ularning segmentatsiyasiga ta'sir qiladi.

Ushbu mavzuning dolzarbligini inobatga olgan holda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 105 yilligiga bag'ishlab Iqtisodiyot fakultetida Janubiy Koreyadagi Konkuk universiteti bilan hamkorlikda “O‘zbekiston va Koreyadagi migratsiya: hozirgi holat va muammolar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o'tkazildi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida O‘zbekiston Milliy universitetiga bir guruh xorijiy mehmonlar, Konkuk universitetining Migratsiya va ijtimoiy integratsiya tadqiqot markazi vakillari, jumladan, Huquq fakulteti dekani, markaz direktori, professor Choi Yun Cheol, ijtimoiy himoya fanlari nomzodi, ilmiy hodim Han Ji Un, huquqshunoslik fanlari nomzodi, ilmiy hodim Kim Houng Joung, tarix fanlari nomzodi, professor Kvon Hyong Jin, huquqshunoslik fanlari nomzodi, huquqshunos Li Boyon, ilmiy xodim, lektor Li Jon, huqushunoslik fanlari nomzodi, professor Chun Yun-Ku, sotsiologiya fanlari nomzodi, dotsent Park Hyo Minlar tashrif buyurdi.

Konferensiyada xorijiy mehmonlar bilan birgalikda O‘zMU Iqtisodiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari konferensiya mavzusiga aloqador turli qiziqarli mavzularda ma’ruza qilishdi.

Konferensiyada quyidagi muammoli masalalar muhokama qilindi:

  • COVID-19 pandemiyasidan oldin va keyin xalqaro migratsiya tendensiyalarining o‘zgarishi;
  • O‘zbekistonda mehnat muhojirlari harakatining rivojlanish bosqichlari: retrospektiv tahlil;
  • O‘zbekiston va Koreyada migratsiya jarayonlarini tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari;
  • Xalqaro migratsiyaning mamlakat milliy va iqtisodiy xavfsizligiga ta’siri;
  • O‘zbekiston iqtisodiyotining real va moliyaviy sektorlarini rivojlantirishda tashqi migratsiyaning o‘rni va roli;
  • Xalqaro migratsiyani tartibga solishning huquqiy va institutsional asoslari;
  • O'zbekiston mehnat migrantlari geografiyasidagi tendensiyalar;
  • Respublika hududlarida mehnat migrantlari harakatining o'ziga xos xususiyatlari;
  • O‘zbekistonning bandlik siyosatida xalqaro migratsiyaning o‘rni va roli;
  • Mehnat migratsiyasining makroiqtisodiy jarayonlarga ta'siri va optimallashtirish yo'llari;
  • Mamlakatda ijtimoiy sohani rivojlantirishda mehnat resurslaridan samarali foydalanish yo‘llari;
  • Xalqaro migratsiya aholi daromadlarini oshirish va qashshoqlikni kamaytirishning muhim omili sifatida;
  • Migratsiya jarayonlarining davlatning fiskal va pul-kredit siyosatiga ta'siri.

Konferensiya yakunida Konkuk universiteti migratsiya va ijtimoiy integrasiya tadqiqot markazi hamda Iqtisodiyot fakulteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

O‘zMU Axborot xizmati