O‘ZBEKISTON-YAPONIYA UNIVERSITETLARI TO‘RTINCHI FORUMI OʻZ ISHINI BOSHLADI

Ayni kunlarda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan O‘zbekiston va Yaponiya rektorlarining IV forumi bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoev boshchiligida respublikamiz OTMlari rektorlari, prorektorlari mazkur forumda ishtirok etmoqda.
Mazkur forum doirasida Oʻzbekiston delegatsiya vakillari xorijiy tajribani o‘rganish va hamkorlikni faollashtirish maqsadida Yaponiyaning bir qator universitetlari vakillari bilan uchrashmoqda, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni muhokama qilinmoqda.






Forumda OʻzMU rektori Inom Madjidov Yaponiyaning yetakchi universitetlaridan Soko universiteti, Sofiya universiteti, Nanzan universiteti rektorlari va vakillari bilan uchrashib, universitetlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, xususan, talabalar akademik mobilligini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilarni o‘quv jarayoniga taklif qilish, hamkorlikda ilmiy loyihalarda ishtirok etish, nufuzli jurnallarda hammualliflikda maqola nashr etish kabi bir qator muhim masalalarni amalga oshirish boʻyicha muzokara olib bordi.
Ma’lumot oʻrnida, O‘zbekiston Milliy universiteti bugungi kunda Yaponiyaning Soko, Kyusyu, Tekyo, Kanazava kabi bir qator universitetlari bilan hamkorlik olib bormoqda. Jumladan, Osaka universiteti professori Katsuxiro Nakamuro va Kyusyu universiteti professsori Koxei Torikai Oʻzbekiston Milliy universiteti Kimyo fakultetida o‘rindoshlik asosida faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, Yaponiyaning JDS dasturi doirasida 12 nafar universitet talabalari Yaponiya universitetlarida magistratura mutaxassisligida tahsil olmoqda. O‘zMU va Soko universiteti bilan 2019-yilda hamkorlik memorandumi imzolangan edi, mazkur uchrashuvda hamkorlikni faollashtirish borasida ham fikr almashildi. Xususan, qo‘shma loyihalar, akademik va ilmiy dasturlarni yo‘lga qo‘yish, qisqa muddatli stajirovka o‘tash, ma’ruza o‘qish, seminar, mahorat darslarini o‘tkazish bo‘yicha ham takliflar ko‘rib chiqildi.
O'zMU Axborot xizmati