«O`zbekneftgaz»: Olimning ekoanalitik laboratoriyada olib borgan tadqiqoti samarali natija ko`rsatdi

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi hamda “Kimyo va biologiya yo'nalishlarida uzluksiz ta'lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorlari ijrosini ta'minlash uchun “O'zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev topshirig'i bilan qator oliy ta'lim muassasalari o'rtasida ta'lim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish maqsadida anglashuv Memorandumlari imzolangan.

Ushbu hujjatlar doirasida Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti hamda "Sho'rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ bilan imzolangan memorandumga muvofiq, Atrof-muhit muhofazasi xizmati tarkibidagi Ekoanalitik laboratoriyasida tayanch doktorantlarning ilmiy ishlari yuzasidan amaliyot o'tashlari samarali tashkil etilmoqda.
Universitetning Kimyo fakulteti “Organik kimyo” kafedrasi tayanch doktoranti (PhD) SH.B.To'rayev tomonidan bajarilgan “Alifatik karbon kislotalarning alkilamid hosilalari sintezi va xossalari” mavzusidagi doktorlik (PhD) dissertatsiyasi doirasida ilk bor yangi organik birikmalar sintez qilindi.

Triftorsirka kislotasi ftalimid etil efiri, monoxlorsirka kislotasi ftalimid etil efiri “Sho'rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Atrof-muhit muhofazasi xizmati tarkibidagi Ekoanalitik laboratoriyasida oqova suvlarni zararsizlantiruvchi sifatida laboratoriya sharoitida tadbiq qilish amaliyotlariga biriktirilgan bir guruh ustozlar ko'magida sinov o'tkazildi.

Tadqiq qilingan yangi preparatlar triftorsirka kislotasi ftalimidoetil efiri, monoxlorsirka kislotasi ftalimidoetil efirining atsetondagi eritmalari, laboratoriya sharoitida oqova suvlarni zararsizlantirish uchun tekshirib ko'rildi. Tahlil natijalariga ko'ra, 1% li eritma oqova suvlarni zararsizlantirishda samaradorlikni namoyon qildi.
Olib borilgan tadqiqotlarga ko'ra, ushbu preparatlar oqova suvlarni mikroorganizmlardan zararsizlantirish uchun qo'llash mumkinligi aniqlandi.
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, har bir sohada salohiyati yuqori yoshlarning ishlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash orqali majmuamiz va qolaversa mamlakatimizning ertangi kadrlarini shakllantiramiz. Zero, bugunning yoshlari ertangi istiqbolimiz nihollaridir!
O’zMU Axborot xizmati