Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda! Qutlug` sanaga oz qoldi!

“Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda tuproqlarning integrallashgan boshqaruvi va melioratsiyasi: yangi yondashuvlar va innovatsion yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

2022-yil 21-aprel kuni Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda tuproqlarning integrallashgan boshqaruvi va melioratsiyasi: yangi yondashuvlar va innovatsion yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi.

Konferensiyada Fanlar Akademiyasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, AgroEkoBiotexnologiya markazi, O'zMU professor-o'qituvchilari, talaba-yoshlar, ilmiy-tadqiqot institut olimlari hamda qator vazirlik va idoralar ishtirok etdi. Anjumanda ta’kidlanganidek, yer qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish va ishlab chiqarishning asosini tashkil etib, xalqning eng asosiy va bebaho boyligi, bitmas-tuganmas mulki hisoblanadi.

Respublikamiz iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda, shuningdek, aholini oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘laroq qondirishda qishloq xo‘jaligining taraqqiyoti tuproqdan unumli va oqilona foydalanishga bog‘liq bo‘lib, davlat ahamiyatiga egadir.

Konferensiyada hozirgi vaqtda butun sayyorada qishloq xo‘jalik ekinlari ekilayotgan 1,5 milliard gektar yerdan har yili 7-8 million gektar unumdor yerlar degradatsiyaga uchrayotgani, shuningdek, dunyo bo‘yicha sug‘oriladigan yerlarning deyarli 25 foizi turli darajada sho‘rlanayotganligi ma’lum qilindi.

FAO ekspertlarining fikriga ko‘ra, sho‘rlanish insoniyatning global muammolaridan biri hisoblanadi. Cho‘l va yarim cho‘llarda, qurg‘oqchil iqlim sharoitlarida tarqalgan tuproqlar yuqori darajada sho‘rlanganligi bilan ajralib turadi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan respublikada yer resurslaridan foydalanish samaradorligini va qishloq xo‘jaligi yerlari unumdorligini oshirish, qishloq xo‘jaligi yerlaridan, ayniqsa, sug‘oriladigan yerlardan boshqa maqsadlarda foydalanishning oldini olish yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish, yer fondi hisobini yuritishni tizimlashtirish sohaga zamonaviy yuqori texnologiyali texnik vositalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.