Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

O‘zMU rahbariyati Orol dengizida

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Toshmatov Shuxrat Omonovich Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida joylashgan O‘zMUning 2 ta o‘quv ilmiy poligonlari bilan yaqindan tanishdi.


Joriy yilning mart oyida Biologiya va Ekologiya fakultetlarining tashabbuskor professor-o‘qituvchilari, magistr va talaba yoshlari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ilmiy ekspeditsiya tashkil etilgan edi. Ayni kunlarda ushbu fakul’tetlarning bir guruh professor-o‘qituvchilari, magistr va talaba yoshlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy ekspeditsiyasiga prorektor Sh.Toshmatov ham o‘z hissasini qo‘shish maqsadida 24-25-may kunlari ekspeditsiya ishtirokchilari bilan uchrashdi.
Biologiya fakulteti dekani T. Abdraxmanov va Ekologiya fakulteti dekani R. Allaberdiyevlar Orol bo‘yi va Orol dengizining qurigan tubida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari bilan tanishtirib, ushbu hududda ilmiy yondashuvlar asosida hududlarning tuproq mikroflorasi va iqlim sharoitlari, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda ekologik muammolarini kompleks tadqiq etish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari, shuningdek ilmiy innovatsion tadqiqot bazalarida ekspeditsiya davomida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar hamda ushbu hudud uchun ekilgan efir moyli dorivor “Marmarak”, “Lavanda” kabi o‘simlik navlarini innovatsion yondashuvlar asosida tomchilatib sug‘orish, Orol dengizining qurigan tubida ayrim dorivor va yem-hashak o‘simlik turlarini turbo metodi orqali ularning unuvchanligi, yashovchanligi va hosildorligini oshirish, shuningdek turli xil zararkunandalarga qarshi chidamliligini ta’minlash maqsadida har xil biopreparatlar: Yer malhami, Bist, Bioazot va Imbikonlar qo’llanilgan texnologiyasi bilan ham yaqindan tanishtirdilar.


Orol va Orol bo’yi hududlaridagi noqulay ob-havo sharoitlariga qaramasdan prorektor Sh.Toshmatov va ekspeditsiya ishtirokchilari Orol dengizining bugungi holatini kuzatish maqsadida dengizning suvi mavjud bo‘lgan Oqtumshuq qismiga ham tashrif buyurishdi. Tashrifdan ko’zlangan asosiy maqsad, Orol dengizi suvi va turli jinsli tuproqlarining bugungi holatini tahlil qilish uchun namunalar olib kelish edi. Ushbu namunalar oldingi olingan tahlillar bilan monitoring qilinadi. Tahlil natijalari asosida ushbu hududda istiqbolli yangi o‘simlik turlarini ekish va yetishtirish bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirildi.

O'zMU Axborot xizmati