O‘zMU rektori O‘zbekiston-Yaponiya universitetlari To‘rtinchi forumida ishtirok etmoqda

Ma’lumki, 28-30 sentabr kunlari O‘zbekiston va Yaponiya universitetlari rektorlarining IV Forumi Yaponiyaning Sukuba universitetida bo'lib o'tmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoev boshchiligida respublikamiz OTMlari rektorlari, prorektorlari mazkur forumda qatnashmoqdalar.
Mazkur xizmat safari davomida delegatsiya a’zolari xorijiy tajribani o‘rganish va hamkorlikni faollashtirish maqsadida Yaponiyaning bir qator universitetlari vakillari bilan uchrashdilar, xorijiy hamkorlar bilan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni muhokama qildilar.

O‘zbekiston Milliy universiteti bugungi kunda Yaponiyaning Soko, Kyusyu, Teikyo, Kanazava kabi bir qator universitetlari bilan hamkorlik olib bormoqda. Jumladan, Osaka universiteti professori Katsuxiro Nakamuro va Kyusyu universiteti professsori Koxei Torikai kimyo fakultetida o‘rindoshlik asosida faoliyat olib bormoqdalar.
Shuningdek, Yaponiyaning JDS dasturi doirasida 12 nafar universitet talabalari Yaponiya universitetlarida magistratura mutaxassisligida tahsil olmoqdalar.
Mazkur forumda Inom Madjidov Yaponiyaning yetakchi universitetlaridan Soko universiteti, Sofiya universiteti, Nanzan universiteti rektorlari va vakillari bilan uchrashib universitetlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, asosan talabalar akademik mobilligini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilarni o‘quv jarayoniga taklif qilish, hamkorlikda ilmiy loyihalarda ishtirok etish, nufuzli jurnallarda hammualliflikda maqola nashr qilish kabi bir qator masalalarni amalga oshirish borasida muzokara olib bordilar.
Ma’lumki, O‘zMU va Soko universiteti bilan 2019 yilda hamkorlik memorandumi imzolangan edi, mazkur uchrashuvda hamkorlikni faollashtirish borasida ham fikr almashilindi. Xususan, qo‘shma loyihalar, akademik va ilmiy dasturlarni yo‘lga qo‘yish, qisqa muddatli stajirovka o‘tash, ma’ruza o‘qish, seminar, mahorat darslarini o‘tkazish bo‘yicha ham takliflar ko‘rib chiqildi.
Universitetlarda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, dunyoning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ta’lim tizimini yanada rivojlanishiga, xorijning ilg‘or innovatsion yondashuvlarini amaliyotga tatbiq etishga va o‘zaro tajriba almashinish uchun imkoniyatlar yaratilishiga olib keladi, bu esa o‘z navbatida respublikamizdagi OTMlarining xalqaro ta’lim bozorida o‘z o‘rnini egallashiga yo‘l ochadi.




O‘zMU, xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova