Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

O‘zMU rektori talabalarga ma’ruza mashg‘uloti o‘tdi

O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov Respublika muhandislik qidiruvlari va laboratoriya tadqiqot markazida universitet talabalari uchun noan’anaviy ma’ruza mashg‘uloti o‘tkazdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, talabalarning puxta bilim olishi va mehnat bozori talablariga javob beradigan malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish ko‘p jihatdan oliy ta’lim muassasalari rahbariyati, professor-o‘qituvchilarning ilmiy-pedagogik, tashkilotchilik salohiyatiga bog‘liq. Bu borada O‘zbekiston Milliy universitetida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, rektor tomonidan o‘tkazilgan noan’anaviy ma’ruza mashg‘uloti ham ayni shu yo‘nalishdagi ishlarga bir misoldir.

Mashg‘ulotda universitetning geologiya va muhandislik geologiyasi fakulteti 2- va 3-bosqich talabalari ishtirok etdi. Universitet rektori gidrogeologiya sohasi bo‘yicha ma’ruza o‘qidi. Talabalar suv to‘g‘onlari qurilishida geolog mutaxassislarning ilmiy xulosa berishida qo‘llaniladigan qurilmalari va ular asosida olinadigan muhim tadqiqot ishlari bilan  tanishdilar.

Shuningdek, mashg‘ulot davomida talabalarga mavzu bo‘yicha umumiy tushunchalar berilib, asosiy nazariyalar, avval o‘tkazilgan laborator tadqiqotlarning ilmiy xulosalari bilan tanishtirildi. Hozirgi kunda mavzu doirasida olib borilayotgan tadqiqotlarning mazmuni, asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumotlar berildi. 

Mashg‘ulot talabalarda yuqori qiziqish uyg‘otdi va rektor mavzu bo‘yicha talabalarda tug‘ilgan savollarga javob qaytardi.

O‘zMU Axborot xizmati