O’zMU talaba va ilmiy tadqiqotchilarining 2022-yil ilmiy konferensiyasi o’tkazildi

Joriy yilning 28-aprel kuni O’zbekiston Milliy universitetida O’zMU talaba va ilmiy tadqiqotchilarining 2022-yil ilmiy konferensiyasi bo’lib o’tdi.
Konferensiyani o’tkazishdan maqsad talabalarning bitiruv malakaviy ishlari, magistrlik dissertatsiyalari hamda doktorlik dissertatsiya ishlari bo’yicha olingan ilmiy yangiliklarni universitet yetuk olimlari ishtirokida approbatsiyadan o’tkazish, munosib ilmiy yangiliklarni e’tirof etish va yosh olimlarni ilm-fan sohasiga jalb etishdan iborat. Mazkur konferensiyada iqtidorli talaba, magistrant va doktorantlar o’zlarining ilmiy-tadqiqot ishlarida erishgan yutuq va natijalari bilan ishtirok etdilar. Tadbirni universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor Xikmat Saburov kirish so’zi bilan ochib berib, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi. Shuningdek, konferensiyada universitetning barcha fakultet talaba, magistrant va doktorantlari o’rtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish va integratsiyasini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Konferensiyada Biologiya fakulteti dekani, professor To’xtasin Abduraxmonov, O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Ravshan Sobirov hamda Amaliy matematika va intellectual texnologiyalar fakulteti 3-bosqich tayanch doktoranti, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sohibi San’atbek Matlatipovlarning ma’ruzalari tinglandi.



Shundan so’ng Kimyo, Tarix hamda Matematika fakultetlarida poster ko’rgazmalar, bakalavr, magistrant va doktorantlarning fan sohasi, shuningdek, turli tanlovlarda erishgan yutuqlari, monografiya, ilmiy ishlanmalarining ko’rgazmasi namoyish etildi. Shuningdek, fakultetlarda seksiyalar bo’yicha ma’ruzalar tashkil etildi. Ushbu ko’rgazmada Ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi yo’nalishining 2-bosqich talabasi Niyatjon Ortiqov o’zining ko’zi ojiz bolalar uchun Brayl o’yinchoqlar ishlanmasi bilan ishtirok etdi. “Ma’lumki, bugungi kunda ko’zi ojiz bolalarni savodli qilish va jamiyatda o’z o’rnini topishiga yaqindan ko’mak berish asosiy vazifalarimizdan biridir. Men taklif etayotgan ishlanma ko’zi ojiz bolalarga o’yin orqali interaktiv tarzda ko’nikma hosil bo’lishiga olib keladi. Kutilgan natija bola o’yin o’ynash jarayonida Brayl alifboni oson o’rganib oladi” — deya ta’kidladi talaba Niyatjon Ortiqov.



O'zMU Axborot xizmati