O‘zMU talabalari rektor boshchiligida Xovos va Zomin tumanlarigasayohat qilishdi

O‘zbekiston ham ulkan turizm salohiyatiga ega. 2016-yilda O‘zbekistonda turizm sohasini tubdan isloh qilish orqali sayyohlik infratuzilmasi rivojlantirildi. Xalqaro sayyohlar soni 2016-yildagi 2 milliondan 2019-yilda 6,7 milliongacha ko‘paydi. BMT huzuridagi Jahon turizm tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2019-yilda eng yaxshi rivojlanayotgan sayyohlik yo‘nalishiga ega mamlakatlar beshligidan joy oldi.





2016-2021 yillarda mahalliy sayyohlarning soni 24 millionga yetgan bo‘lsa, xorijliklarning soni qariyb 20 million kishini tashkil etdi. Koronavirus pandemiyasi sabab, 2020-yilda O‘zbekistonga 1,5 million, 2021-yilda esa 1,7 million chet ellik sayyohlar tashrif buyurgan.








O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha rektor boshchiligida universitetga biriktirilgan Zomin va Xovos tumanlariga sayohat qilishdi. Talabalar dastlab Xovosda bo'lib diqqatga sazovor obyektlarni ko‘zdan kechirishdi, so'ng Zomin tumaniga yo'l olishdi.
Xovosga kiraverishda xotira maydoni joylashgan. Maydon hududida esa "O‘lkashunoslik" muzeyi qad rostlagan. Talaba-yoshlar rektor boshchiligida dastlab "O'lkashunoslik" muzeyi bilan tanishishdi. So'ng xotira maydonini ziyorat qilishdi.
2700 yillik tarixga ega bo‘lgan 200 dan ortiq tarixiy ashyolar hamda eksponatlarni o‘zida jamlagan "O‘lkashunoslik" muzeyi mahalliy aholi va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatadi.
O‘zMU talabalarining ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha universitetga biriktirilgan Zomin tumaniga sayohati davomida bir nechta turizm obyektlari, tarixiy qadamjolar hamda ta’lim maskanlariga borildi.
Dastlab talabalar tumanda joylashgan 60-umumiy o‘rta ta’lim maktabi qoshidagi o‘quvchi yoshlarni kelajak kasblariga tayyorlash markazida bo‘lishdi. Ushbu markazda Zomin tumani hokimi o‘rinbosari Sardor Anvarov hamda mazkur maktab direktori Ravshan Boyirovlar talabalar bilan muloqot qildi.
Hokimlik vakillari hamda muassasa rahbariyati bilan uchrashuvdan so‘ng talaba-yoshlar maktab va uning qoshida tashkil etilgan kelajak kasblari markazi bilan tanishishdi.





O'zbekiston Milliy universiteti talabalari Zomin tumani markazida joylashgan "Motamsaro ona" majmuasini ziyorat qilishdi. Zomin tumanidagi tarixiy qadamjolar ziyoratidan so‘ng Zomin bolalar sog'lomlashtirish oromgohiga tashrif buyurishdi.
Mazkur oromgohda O'zMU talabalari tomonidan "Milliy universitet – keng imkoniyatlar maskani" nomli festival doirasida turli tadbir va musobaqalarni tashkil etildi.
Shu tariqa talabalarning ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha universitetga biriktirilgan Xovos va Zomin tumanlariga qilgan sayohati yuqori saviya va yuqori kayfiyatda yakunlandi.
O‘zMU Axborot xizmati