Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

O’ZMUDA TALABALIK BAHORI – 2022 FESTIVALI O’TKAZILDI

Jamiyatimiz taraqqiy etishida va davlatimiz ravnaqida o‘sib kelayotgan yosh avlodning jismoniy va ma’naviy barkamolligi, intellektual salohiyati muhim rol o’ynaydi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, barqarorlik va xalqlarning mustahkam rivojlanishiga raxna soladigan turli yangi tahdid va xavflar paydo bo‘layotgan bugungi kunda ma’naviyat va ma’rifatga, axloqiy tarbiya, yoshlarning bilim olish, kamolga yetishga intilishiga e’tibor qaratish har qachongidan ham muhimdir”. Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz rahbarligida 2019-yil 19-martda “Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish to‘g‘risida” o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarni rivojlantirishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi va sohalarga taalluqli 5 ta muhim tashabbus ilgari surildi. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olayotgan talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va tizimli tashkil etish, mavjud klub va to‘garaklar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish hamda talaba-yoshlar o‘rtasidagi turli huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida “Mazmunli 7 kun” loyihasini amalga oshirish belgilab olindi.

Yuqorida aytib o’tilgan loyihalar doirasida joriy yilning 23-aprel kuni universitetimizda talabalar bo’sh vaqtlarini mazmunli o’tkazish, yoshlarning badiiy salohiyatlarini rivojlantirish, teatr, musiqa san’at, xalq an’analari hamda badiiy adabiyotga qiziqishlarini yanada oshirish, universitetimizda ta’lim olayotgan turli millat vakillari o’rtasida do’stlik aloqalarini yana mustahkamlash maqsadida Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar hamda Matematika fakultetlari talaba-yoshlari tashabbusi bilan “Talabalik bahori – 2022” festivali bo’lib o’tdi.

Tadbirni O’zMU o’quv ishlari bo’yicha prorektor Shuhrat Toshmatov ochib berib, o’z nutqida universitet talaba-yoshlari ketma-ket erishayotgan yutuqlarini alohida e’tirof etdi.
Tadbir so’nggida bir guruh iqtidorli hamda faol talabalar tashakkurnoma va esdalik sovg’alar bilan taqdirlandilar.

O’zMU Axborot xizmati