Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

O'zMUda jamoa shartnomasining ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida amaliy seminar o'tkazildi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi bilan hamkorlikda jamoa shartnomasining ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususidagi amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Amaliy seminarni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi qoshidagi malaka oshirish instituti rektori ochib berib, seminar ishtirokchilarini qutladi hamda institutning esdalik sovg‘asini O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidovga topshirdi. O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov so‘zga chiqib, universitetdagi ta’lim yo‘nalishlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar kontingenti haqida to‘xtalar ekan, universitetda nogironligi bo‘lgan talabalarni rag‘batlantirish, ularni ijtimoiy himoya qilish, professor-o‘qituvchilar va xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida olib borilayotgan ishlar haqida axborot berdi. O‘z navbatida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Milliy universiteti Kasaba uyushmasi tashkiloti raisi O. Xudoynazarov va universitet xalqaro aloqalar bo'yicha prorektor R.Shirinovalar O'zMU Kasaba uyushma qo'mitasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda xalqaro reytinglarda universitet ko'rsatkichlarini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdilar.

So'ng seminar ishtirokchilari uchun O'zMU Geografiya va tabiiy resurslar fakultetida joylashgan professor X.Xasanov nomidagi "Globus" o'quv-metodika xonasiga, Geologiya fakultetida joylashgan akademik T.Dolimov nomidagi Geologiya o'quv muzeyi hamda Biologiya fakultetida joylashgan Zoologiya muzeylariga ekskursiya tashkillashtirildi.

Shuningdek, mazkur amaliy seminar universitet ma'muriy binosi oldidagi maydonda bo'lib o'tgan "Millatlararo do'stlik va hamjihatlik — xalqimiz faravonligining muhim omili" mavzuidagi tadbirga ulanib ketdi. Ushbu tadbirda universitetda tahsil oladigan 40 dan ortiq xorijiy talabalar ishtirok etdi. Tadbir doirasida xorijiy talabalar tomonidan badiiy chiqishlar va milliy taomlarning namoyishlari o'tkazildi.
Ma'lumot uchun, hozirda O'zMUda 151 nafar xorijiy talabalar (90 nafar bakalavriat, 21 nafar magistr va 40 nafar mustaqil izlanuvchilar) hamda akademik almashinuv doirasida 40 nafar talabalar tahsil olmoqda.

O'zMU Axborot xizmati