O`zMUda kasbiy (ijodiy) imtihonlar o`tkazilmoqda



Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Milliy universiteti (O'zMU)da joriy yilning 1-avgustidan 2022/2023 o'quv yili bakalavriat ta'lim yo'nalishlari uchun alohida iqtidor talab etiladigan kasbiy imtihonlarga start berilgan. O'zMUda imtihonlar yo'nalishlar kesimida tashkil etilgan bo'lib, joriy yilning 1-2-avgust kunlari Jurnalistika: internet jurnalistikasi, Jurnalistika: bosma ommaviy axborot vositasi, Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar, 3-4-avgust kunlari Sport faoliyati: regbi, 5-6-avgust kunlari Sport faoliyati: taekvondo ta'lim yo'nalishlari kasbiy (ijodiy) imtihonlarida abituriyentlar o'z iqtidor va imkoniyatlarini sinovdan o'tkazdi. Kasbiy imtihonlarning bosh maqsadi — abituriyentlarning tanlagan mutaxassisliklari bo'yicha imkoniyatlarini aniqlash, kasbiy ko'nikmasi, jismoniy qobiliyati, bilim va malaka darajasini munosib baholashdan iborat.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo'lib o'tadigan bino va sport maydonida abituriyentlar uchun barcha sharoit yaratilgan, jumladan zarur texnik vositalar bilan jihozlangan. Imtihon jarayonlarini adolatli, ochiq va shaffof o‘tkazilayotganini kuzatish uchun keng jamoatchilik, Xalq deputatlari, vazirlik mas’ul xodimlari, jamoatchilik kengashi, OAV vakillari va blogerlar ishtiroki ta'minlangan. Hududda xavfsizlikni ta’minlash uchun IIB hamda tibbiyot xodimlari jalb etilgan. Jumladan, ijodiy (kasbiy) imtihonlarni shaffof o'tkazilishini ta'minlash maqsadida hududlarda uzluksiz ishlaydigan kuzatuv kameralari o'rnatilgan boʻlib, ota-onalar https://live.nuu.uz platformasi orqali jonli kuzatib borishlari mumkin. Shuningdek, tashrif buyurgan ota-onalarning kutishlari uchun barcha sharoitlarga ega alohida kutish maydonlari tashkil etilgan.
Abituriyentlar o'z iste'dodi va qobiliyatiga ko'ra imtihon oluvchi komissiya a'zolari tomonidan odilona, haqqoniy baholanmoqda va kasbiy imtihon topshirgan kunning oʻzida kasbiy imtihon natijalari komissiya tomonidan e’lon qilinmoqda.




Ma'lumot uchun, O'zMUda kasbiy (ijodiy) imtihonlar joriy yilning 10-avgust kuniga qadar davom etadi.
O'zMU ochiq stadionida 7-8-avgust kunlari Sport faoliyati: kurash, 9-10-avgust kunlari Sport faoliyati: dzyudo ta'lim yo'nalishlari uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar o'tkaziladi.




O'zMU Axborot xizmati