Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O'zMUning bir guruh professor-o'qituvchilari “Nuroniy” Respublika boshqaruvi raisi o'rinbosari tomonidan “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi

Bugun, 29-iyun kuni O`zbekiston Milliy universitetida universitetning navbatdagi Ilmiy Kengash majlisi bo`lib o`tdi.  Unda universitet rektori Inom Madjidov, “Nuroniy” Respublika boshqaruvi raisi o`rinbosari Sharof Ubaydullayev, soha prorektorlari, fakultet dekanlari va professor-o`qituvchilar ishtirok etdi. 

lmiy Kengash kirish qismini “Nuroniy” Respublika boshqaruvi raisi o`rinbosari Sharof Ubaydullayev ochib berib, “Nuroniy” Respublika boshqaruvi O`zbekiston Milliy universitetiga doimo katta e’tibor va hurmat bilan qarashini alohida ta’kidlab o`tdi. Shuningdek, universitetning barcha domlalari va shogirdlariga abadul-abad omad yor tiladi.

Shundan so`ng “Nuroniy” Respublika boshqaruvi raisi o`rinbosari Sharof Ubaydullayev va O`zMU rektori Inom Madjidov bir guruh universitet professor-o`qituvchilariga “Mehnat faxriysi” ko`krak nishonini topshirdilar.

“Bugun “Mehnat faxriysi” ko`krak nishoni bilan taqdirlanganlar qatorida bo`lganimdan bag`oyatda faxrlanaman. Uzoq yillardan beri men hayotimni ilm-fanga baxshida etgan ekanman, bugungi kungacha 40 ta shogird tayyorlaganman. Ular ichida 10 ta fan doktori, qolganlar fan nomzodi, yosh tarixchilar tashkil etadi. Bundan tashqari, o`zimni universitetda tug`ilgan inson deyishim mumkin.

Chunki talabalik davrimdan to hozirgi kungacha faoliyatimni O`zbekiston Milliy universitetida davom ettiryapman. Shu bois bo`lsa kerak, bugun taqdirlanganlar qatorida meni ham nomim bor. Shuning uchun men Prezidentimizga, “Nuroniy” Respublika boshqaruviga, qolaversa, O`zbekiston Milliy universiteti rahbariyatiga o`z minnatdorchiligimni bildiraman. O`ylaymanki, bunday mukofotlar biz kabi o`qituvchilarning ilmiy, pedagogik, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi faoliyatiga juda katta ta’sir qiladi. Bunday mukofotlar, albatta, izsiz qolmaydi.”, — deydi tarix fanlari doktori, professor Murtazayeva Rahbar Hamidovna.

Yig`ilish davomida Ilmiy Kengash a’zolari tomonidan universitetda 2021-2022 o`quv yilida professor-o`qituvchilar uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining tashkil etilganligi, fakultetlarda xalqaro reytingni oshirish bo‘yicha olib borilgan ishlarining (6 oylik) analitik tahlili, O‘zbekiston Milliy universitetida atoqli adib, O‘zbekiston Qahramoni “Erkin Vohidov nomidagi maxsus stipendiya”ga talabgorlar to‘g‘risida, talabalar turar joylarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash va turli masalalar ko`rib chiqildi.

O’zMU Axborot xizmati