REFERENDUM VA YOSHLAR

Mamlakatimizdagi muhim siyosiy voqelik — Referendumning ahamiyati, Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatini yoshlar ongiga singdirish maqsadida O‘zbekiston Milliy universitetining iqtidorli talaba-yoshlari tashabbusi bilan “Referendum va yoshlar” forumi boʻlib oʻtdi.
Mamlakatimiz fuqarolarining xohish-istaklari hamda keng jamoatchilik vakillarining takliflari asosida yangilanayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati va unda keltirib oʻtilgan fuqarolarning taʼlim olish va sohaga doir boshqa muhim oʻzgartirishlar tahliliga bagʻishlangan mazkur forumda universitetdagi 3850 nafarga yaqin talaba yoshlar, shuningdek, 320 dan ortiq professor-oʻqituvchilar, universitet xodimlari ishtirok etdi.
Mazkur forumda jamoat tashkilotlari vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida faoliyat olib borayotgan akademiklar, xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilgan turli tanlovlar gʻoliblari, Prezident va nomli davlat stipendiyalari sohiblari, sportning turli yo‘nalishlari boʻyicha jahon va Osiyo chempionlari va faol talabalar ishtirokida targʻibot chiqishlari hamda gala-konsert tashkil qilindi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan forumda xalqimiz suygan taniqli sanʼatkorlar, shou-biznes vakillari ham o‘z chiqishlari bilan qatnashib, yig‘ilganlarga kayfiyat ulashishdi. Talaba-yoshlar va taklif etilgan spikerlar yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 52, 82, 76, 58, 81, 51, 53, 28, 79-moddalariga oʻz fikrlarini bildirishib, amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi o‘zgarishlar boʻyicha munosabatlarini forum ishtirokchilari bilan oʻrtoqlashdilar.
Forum davomida tashabbuskor talaba-yoshlar tomonidan #meningkonstitutsiyam, #konstitutsiyaoʻzimizniki, #befarqemasman heshteglari ostida chellenj tashkil etilib, ijtimoiy tarmoqlarga ulashildi.
Tadbir jarayonlari “Oʻzbekiston 24”, “Yoshlar”, “Toshkent”, “Madaniyat va ma’rifat”, “Mahalla”, “Sevimli”, “MY5” telekanallarining informatsion dasturlarida, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi sayti hamda “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida keng yoritildi.




















O‘zMU Axborot xizmati