Rektor boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Qozog‘iston universiteti yubileyida ishtirok etmoqda

Ayni vaqtda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov boshchiligidagi universitet delegatsiyasi Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining yubileyida ishtirok etmoqda.


Bu yil o‘zining shonli 80 yilligini nishonlayotgan Janubiy Qozog‘iston universitetida yubiley doirasida “Ta’lim, fan va innovatsiyalar” xalqaro forumi, “Sanoat texnologiyalari va injiniringi” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi va boshqa qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Janubiy Qozog‘iston universitetining yubileyida faxriy mehmon sifatida ishtirok etayotgan O‘zMU rektori Inom Madjidov xalqaro forumda ma’ruza qildi. Universitetning ko‘p yillar davomida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishayotgani, Qozog‘iston oliy va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimida o‘zining munosib o‘rnini egallab borayotganini e’tirof etdi.



Rektor yubiley munosabati bilan universitet rahbariyati va jamoasini tabriklar ekan, O‘zMU hamda Janubiy Qozog‘iston universiteti o‘rtasida so‘nggi yillarda qizg‘in va samarali hamkorlik rishtalari hamda do‘stlik aloqalari mustahkam qaror topib borayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Milliy universiteti rektoriga Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining faxriy professori unvoni berilgan edi. Qozog‘istonlik rektor Dariya Kojamjarova nufuzli unvonni topshirar ekan, O‘zMU rektori Inom Madjidovning ikki universitet o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, akademik almashinuvlar va qo‘shma ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish va do‘stlik aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etgan edi.
O‘zMU Axborot xizmati