Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

Rektor tabrigi

Muhtaram ustozlar, aziz talabalarimiz!

Barchangizni ulug‘ ayyom kun  -  Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Fayzli dasturxonimiz atrofida, yoshi ulug‘larimiz davrasida, ularning duolarini olib, Allohdan dunyoga, yurtimizga tinchlik, osoyishtalik, xotirjamlik, hamjihatlik tilaymiz.

Shiddat bilan rivojlanib borayotgan dunyo, axborot va jarayonlarning globallashuvi yoshlarimizning bugun yana ham bilimli, fikrchan, izlanuvchan, biror kasb yo hunarni puxta egallagan, bir nechta tillarni, o‘z tarixi, qadriyatlari, urf-odatlarini mukammal biladigan, atrofida bo‘layotgan ijtimoiy siyosiy - voqealarni xolis tahlil qila oladigan shaxs bo‘lishini talab etmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yoshlar kuni munosabati bilan qilgan nutqlarida bu borada: - “Hech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan, Yangi O‘zbekistonni hamda Uchinchi Renessansning bunyodkorlarisiz! -deya taʼkidladilar. Bu munosabat yurtimizda borki yoshlarga kuch, g‘ayrat va shijoat beradi. 

Aziz talabalarimiz! Har bir daraxt ildizi bilan ko‘karganidek, biz boy tariximiz, qadriyatlarimiz, odamiyligimiz, birdamligimiz, hamjihatligimiz,  maʼnaviyatimiz bilan qudratli bo‘lamiz. Bu merosni asrash va rivojlantirish uchun esa Sizlar bilim olish, o‘qish, o‘rganish masʼuliyatini aslo unutmasligingiz kerak.

Inson uchun eng qadrli neʼmat - bu tinchlik!

Hozirgina muhtaram Prezidentimizning  xalqimizga Qurbon hayiti munosabati bilan yo'llagan tabriklarida ham tinchlik neʼmati, xalqimizning tinch, farovon hayotini asrab - avaylash muhim ekanligini yana bir bor taʼkidladilar.

Tinchlik bor joyda halovat, baraka va rivoj bo‘ladi. Mana shu ulug‘ neʼmatni asrash, qadrlash barchamizning sharafli burchimizdir.

Shunday ulug‘ ayyom kunlari yurtimizda bo‘layotgan bunyodkorlik ishlari,  xususan taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning bardavom bo‘lishini tilaymiz.

Yurtimizga tinchlik, barqarorlik, xonadonlarimizga qut baraka, barchangizga sog‘liq tilaymiz.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi

O‘zbekiston Milliy universiteti rektori,

professor Inom Madjidov