«RUS TILI SO’Z YASALISHINING DOLZARB MUAMMOLARI » mavzuida ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildimavzuida ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi

Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetida 2023-yil 10-yanvar kuni O'zbekistondagi rus so'z yasalish ilmiy maktabi doirasida “Rus tili so'z yasalishining dolzarb muammolari” mavzuida 51-Respublika ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Anjuman hozirgi zamon derivatologiyasining, derivasion semantikaning, diaxronik so'z yasalishning, so'z yasalish jarayonining o'ziga xos xususiyatlari, rus so'z yasalishining metodik jixatlarini konstruktiv masalarini muhokama etishga bag'ishlandi.
Anjumanni tabrik nutqi bilan tashkiliy qoʻmita raisi, “Rus tilshunosligi” kafedrasi mudiri f.f.n., dotsent N.N.Shitka ochib berdi va so'zni O'zbekistondagi rus so'z yasalish ilmiy maktabi rahbari f.f.d., professor A.G.Sheremetevaga berdi. A.G.Sheremeteva anjumanga tashrif buyurgan va uni ishida onlayn tarzda ishtirok etayotgan qatnashchilarni qutlab, O'zbekistondagi rus so'z yasalish ilmiy maktabi faoliyati, uning asoschisi – O'zbekistonda va Rossiya Federatsiyasida xizmat ko'rsatgan fan arbobi, f.f.d., professor A.N.Tixonovning ilmiy-pedagogik faoliyati haqida ma'lumot berdi.
Anjuman ishida Rossiya Federatsiyasining fan va madaniyat markazi, O'zbekistondagi Rus madaniyati markazi vakillari, Rossiya, Belorussiya, Qozog'iston, Qirg'iziston olimlari, O'zbekistondagi oliy ta'lim muassasalari, litsey, maktab o'qituvchilari, doktorantlar, magistrlar hamda talabalar ishtirok etdi. Jumladan, Rossiya Federatsiyasidan M.V.Lomonosov nomidagi Shimoliy (Arktik) Federal universiteti (Arxangelsk shahri), N.A.Dobrolyubov nomidagi Nijniy Novgorod Davlat lingvistik universiteti, B.B.Gorodovikov nomidagi Qalmog'iston Davlat universiteti (Elista shahri), Moskva moliya-sanoat universiteti; Belorussiya Respublikasidan Belorussiya Davlat universiteti, Qozog'istondan L.N.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti (Ostona shahri), Qirg'izistondan B.Yelsin nomidagi Qirg'iz-Rossiya slavyan universiteti (Bishkek shahri), Osh Davlat universiteti vakillari ishtirok etdi. O'zbekistondan ishtirok etganlar geografiyasi juda kengdir. Ushbu anjuman ishida Toshkent shahridagi barcha OTMlar, Andijon, Namangan, Jizzax, Urganch, Termiz, Guliston, Nukus Davlat universitetlari olimlari ma'ruzalar bilan qatnashdilar. Ma'ruzalar mavzulari turli, munozarali bo'ldi va anjuman samarali o'tdi.
Anjuman yopilishida tashkiliy qoʻmita raisi N.N.Shitka barcha qatnashchilarga minnatdorchilik bildirib, bunday anjumanlar oliy ta'lim maskanlari va mamlakatlar o'rtasida xalqaro ilmiy-ta'lim aloqalarni shak-shubhasiz mustahkamlashini ta'kidladi.

O`zMU Axborot xizmati