SAMARQAND – HAM SAYOHAT HAM ZIYORAT MASKANI !

So‘nggi yillarda yurtimizda ichki turizmni rivojlantirishga keng e’tibor qaratilmoqda. Bu borada talaba-yoshlarni mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi bilan tanishtirish o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-fevraldagi PQ-134-sonli Qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” ijrosini ta’minlash yuzasidan O‘zMU rektori tomonidan 2022-yil 3-martda imzolangan №01-70-sonli buyrug‘i ijrosi yakunlariga ko‘ra, O‘zMU Jurnalistika fakultetining professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlaridan iborat bo‘lgan badiiy jamoasi mamlakatimiz viloyatlarining urf-odatlari, an’analari va milliy qadriyatlarini namoyish etib universitetda fahrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritishgan edi.

Yoshlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish maqsadida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan Jurnalistika fakultetining bir guruh professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlarining Samarqand shahriga bir kunlik sayohati uyushtirildi. Ma’lumki, Samarqand shahri qadimdan yer yuzining sayqali deya e’tirof etib kelingan. Bu qadimiy shahar haqida juda ko‘p tarixiy manbalarda ma’lumotlar keltirilgan. Samarqand qadimdan o‘zining betakror go‘zalligi, ajoyib ob-havosi, shirin suvi va mazali nonlari bilan dunyoga mashhur shahar bo‘lgan. Ayniqsa, sohibqiron Amir Temur davrida Samarqand gullab yashnagan, savdo-sotiq markaziga aylangan va eng yuksak kamolotga etgan. Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan savdogarlar va sayyohlar bu shaharni bir marotaba ko‘rishni orzu qilishgan. Hazrat Navoiy ham bu shaharda bo‘lib, uning betakror go‘zalligi haqida asarlarida yozgan. Ajoyib shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur ham Samarqand shahrini beqiyos qadrlagan. Yevropa davlatlarining hukmdorlari bu shaharni ziyorat qilishni o‘zlari uchun sharaf deb bilganlar. Oradan qancha asrlar o‘tsa hamki Samarqand hali hanuz odamlarni o‘ziga ohangrabodek jalb qilib kelmoqda. Mustaqillik sharofati bilan o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari, urf-odatlari va an’analari tiklandi. YUNESKOning qaroriga asosan Samarqand muzey shahar deb e’lon qilindi. Prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan Samarqand shahri o‘zgacha chiroy ochdi. Imom Ismoil al-Buxoriy nomidagi majmuaning qaytadan obod qilinishi, tarixiy yodgorliklarimizni asrab-avaylash bo‘yicha qator chora-tadbirlarning qabul qilinishi Samarqandni chinakam tarixiy muzey shaharga aylantirdi.



Sayohat davomida talaba-yoshlar navqiron Samarqandning qadimiy tarixi va mustaqillik yillarida barpo etilgan bunyodkorlik majmualari to‘g‘risida katta taassurotlarga ega bo‘ldilar.
— Samarqanddan cheksiz taassurotlar bilan qaytdim, — deydi, Jurnalistika fakulteti talabasi Muhammaddiyor Orziqulov. — Necha yillardan beri Samarqandga borishni qalbimga niyat qilib yurgan edim. Bugun orzularim ro‘yobga chiqdi. Biz yoshlarga berilayotgan e’tibordan esa juda ham mamnunmiz”.

Sayohatimiz Birinchi Prezidentimiz qabrini ziyoratidan boshlanib, Xo‘ja Doniyor majmuasi, Registon maydoni, Amir Temur va SHoxi Zinda maqbaralari, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi ziyorati bilan davom etar ekan mazkur tarixiy obidalar, ulardagi naqshinkor bezaklar, ganchkorlik namunalari ota-bobolarimizning ilm-fan taraqqiyotidagi qudrati va donishmandligi, insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shganligiga yana bir bor amin bo‘ldik.
Shuningdek, Samarqandning noyob me’moriy obidalari hamda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan shaharda barpo etilgan madaniy-ma’rifiy inshootlar, sayilgohlar va shaharda qad ko‘tarayotgan binolarni tomosha qilar ekanmiz, ko‘hna va hamisha navqiron shahar deya ta’rif beriladigan Samarqandning o‘tmishi qanchalik buyukligidan, keyingi yillarda bu yerda amalga oshirilgan o‘zgarishlar uning shuhratini yanada oshganligiga guvoh bo‘ldik. Asosiysi, tarixi boy, kelajagi buyuk O‘zbekistonimizning farzandi, yuksak aql-zakovati va bunyodkorlik salohiyati bilan dunyoga mashhur ajdodlarning vorisi ekanimizdan faxrlandik.
Ravshan OMONOV,
O‘zMU Jurnalistika fakulteti
dekan o‘rinbosari