Sankt-Peterburg universiteti vakillari bilan uchrashuv

Xorijiy filologiya fakultetining “Rus tilshunosligi” kafedrasida Sankt-Peterburg Davlat universitetining “Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya oliy maktabi” institutining vakillari – “Medialingvistika” kafedrasi mudiri f.f.d., professor Liliya Rashidovna Duskayeva va shu kafedraning professori, f.f.d. Svetova Natalya Sergeyevna bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv boshida “Rus tilshunosligi” kafedrasi mudiri f.f.n., dotsent Shitka N.N. mexmonlarni samimiy qutlab, ularga O‘zbekiston Milliy universiteti, xorijiy filologiya fakulteti, “Rus tilshunosligi” kafedrasi, o‘quv jarayoni, o‘qitilayotgan fanlar, o‘qituvchilar va talabalarning faoliyati haqida axborot berdi.

O‘z navbatida L.R.Duskayeva ularni do‘stona kutib olganlari uchun minnatdorlik bildirib, uchrashuv qatnashchilariga Sankt-Peterburg Davlat universiteti, “Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya oliy maktabi” instituti, uning kafedralari, o‘quv jarayoni, o‘qitilayotgan fanlar, o‘qituvchilar va talabalarning faoliyati, ushbu universitetning xalqaro miqyosidagi reytingi haqida so‘zlab berdi.
Hozirgi paytda “Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya oliy maktabi” instituti qoshida “Jurnalistika tarixi”, “Mediadizayn va informatsion texnologiyalar”, “Medialingvistika”, “Xalqaro jurnalistika”, “Ommaviy kommunikatsiya menedjmenti”, “Reklama”, “Biznesda jamoatchilik bilan aloqalar” kabi kafedralar faoliyat olib bormoqda. Institut “Jurnalistika” va “Reklama va jamoatchilik bilan aloqalar” ta'lim dasturlari asosida talabalarni o‘qitish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasining yetakchi markazi hisoblanadi.
Institutning bakalavriat, magistratura, aspirantura bo‘limlarida minglab talabalar, jumladan, ko‘plab chet ellik fuqarolar tahsil oladi. Institut boy zamonaviy moddiy-texnik bazaga egadir. Uning qoshida “Pervaya liniya” axborot-ta'lim internet portali, o‘quv gazeta, teleradiokanal, kommunikatsion loyihalar klinikasi faoliyat olib bormoqda. Institutda doimo xalqaro anjumanlar va seminarlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Institut Yevropa, Amerika, Osiyo va Afrikaning yetakchi universitetlari bilan xalqaro aloqalarni faol rivojlantirib kelmoqda. L.R.Duskayeva shunday aloqalarni O‘zbekiston Milliy universiteti bilan ham o‘rnatish rejada borligini ta'kidladi. Qizg‘in va do‘stona o‘tgan uchrashuv so‘ngida taraflar ikkala oliy o‘quv maskani o‘rtasida xalqaro va korporativ aloqalarni o‘rnatish to‘g‘risida bitim loyihasini tayyorlashga kelishib oldilar.
O`zMU Axborot xizmati