SDG 13. Iqlim o’zgarishiga qarshi kurashish.
O’ZMU TADQIQODCHISI EKOTURIZMGA OID KAMCHATKA EKSPEDITSIYASIDA
Rus geografiya jamiyati va Xalqaro ekspeditsiya hay’atining taklifiga binoan 15-avgustdan buyon «Камчатка: Северо-восточное огненное кольцо» xalqaro ekspeditsiyasida O’zbekiston nomidan ishtirok etyapmiz. Mazkur xalqaro ekapeditsiyada Misr, Serbiya, Bosniya va Gersogovina, Germaniya, Rossiya, Belarus, O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Polsha, Armeniya, Saudiya Arabistonidan jami 17 nafar ilmiy xodim va yosh tadqiqotchilar qatnashmoqda. Xalqaro ekspeditsiyaning asosiy maqsadi muhofaza etiladigan hududlarda ekoturizmni yanada rivojlantirishning tabiiy geografik asoslarini aniqlash, tabiiy sharoit va resurslarni ekoturistik maqsadlarda baholash va landshaftlar dinamikasi, hudud landshaftlariga bo’ladigan antropogen bosim miqdorini aniqlash hamda natijada tabiatni muhofaza qilish choralarini belgilash hisoblanadi.

Dala tadqiqotlarimizning dastlabki 5 kuni Tinch okeani, Oxota dengizi, Avachinskiy qo’ltig’ida bo’lib o’tdi. Bunda Tinch okean akvatoriyasi va qirg’oqbo’yi hududlarining landshaftlari, turistlar e’tiborini jalb qilish mumkin bo’lgan obyektlarning tabiiy geografik jihatlari o’rganildi hamda turistik xarita-ma’lumotnomasi tayyorlandi

So’ngra 10 kun davomida Nalicheva vodiysidagi «Вулканы Камчатки» qo’riqxonalar tarmog’iga kiruvchi «Nalicheva» milliy bog’iga trekking uyushtirildi. Trekking Avachinskiy va Koryakskaya vulqonlari etagidan boshlandi. Uch kun davomida mazkur vulqonlarning tog’ jinslari, relyefi, iqlimi, yer usti suvlarining xususiyatlari ekoturistik marshrutlar uyushtirish va turizmning ekstremal turlarini rivojlantirish maqsadida o’rganilib, tog’ jinslari (vulqon lapillalari) hamda daryo suvlaridan namunalar olindi. Shundan so’ng “Nalichevo” milliy bog’iga yetib borildi. U yerda geyzerlar (issiq buloqlar), vulqon hosil qilgan relyef shakllari bilan tanishilib, hudud landshaflarining tavsifi tayyorlandi. Turistlar uchun qulayliklar yaratish, yangi marshrutlar yo’nalishlarini belgilash, yangi infrastruktura obyektlarini joylashtirish uchun relyefi, tog’ jinslari va iqlimi qulay hududlar aniqlanib, xaritaga tushirildi. Travertin daryosi bo’yida issiq buloqlar suvidan foydalangan holda suzish havzasi va balchiq bilan davolash maskani qurish taklifi berildi.

Bu hudud nafaqat issiq buloqlari, balki, o’ziga xos o’rmonlari (o’simlik qoplamining xilma-xilligi), ayniqsa, o’rmon mevalaridan yovvoyi malina, shiksha, golubikaning hududda keng tarqalganligi, endemik hayvonot dunyosi bilan ahamiyatli ekanligi, (yovvoyi quyonlar, yevrashka va qo’ng’ir ayiqning juda ko’p uchrashi)ni hisobga olgan holda turizmning ekstremal turlariga qiziquvchilar uchun qo’ng’ir ayiq hayotini kuzatishga xizmat qiluvchi himoyalangan maydon va agroturizm ixlosmandlari uchun yangi ekoturistik marshrutlar belgilanib, xaritaga tushirildi.