TALABALAR YURTIMIZNING MUSTAQILLIK DAVRI TARIXIGA OID BILIMLARINI SINOVDAN O`TKAZDILAR

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan yoshlarda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan istiqbolli islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini yanada oshirish, istiqlol yillarida amalga oshirilgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy sohalardagi o‘zgarish va yangilanishlar borasidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Ravshan Jo‘rayev tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida “Test tanlov” tashkil etildi.
Mazkur test-tanlovda universitetning Tarix fakultetidagi bakalavriat va magistratura bosqichida tahsil olayotgan 120 ga yaqin talaba-yoshlar faol ishtirok etdilar. Test-tanlov davomida qatnashchilarga onlayn raqamli tizimlar vositasida Vatanimizning mustaqillik davri tarixiga oid 31 ta test savollari berildi. Mazkur test savollari mustaqillik yillarida O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilgan islohotlar va erishilgan yutuqlarni o‘zida aks ettirdi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra fakultetning Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari mutaxassisligi 2-bosqich magistranti Jasur Aniyozov – I o‘rinni, Davlat va fuqarolik jamiyati institutlari boshqaruvi mutaxassisligi 2-bosqich magistranti Shahzod Bektursunov – II o‘rinni, Tarix yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Muhammadsodiq Akbaraliyev esa III o‘rinni egalladi. Tanlov g‘oliblari oʻquv jarayoni boshlangach, diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar.
OʻzMU Axborot xizmati