Taniqli adib bo‘lajak ijodkorlar bilan uchrashdi

O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakultetida tashkil etilgan ochiq dars soatida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, serqirra adib, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda universitet professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida filologiya fanlari doktori, professor H.Boltaboyev so‘zga chiqib, adibning hayoti va ijod yo'liga to‘xtalib o‘tar ekan, ijodkorning xalqimiz maʼnaviyati, adabiyotimiz rivojiga qo‘shayotgan hissasi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Maʼlumot o‘rnida Xurshid Do‘stmuhammad 1951-yilning 8-yanvar kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1976-yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘ZMU)ning kunduzgi bo‘limini tamomlagan. Maʼlumoti bo‘yicha mutaxassisligi – jurnalist.
Xurshid Do‘stmuhammad zamonaviy o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri sanaladi. Yozuvchining “Bozor” romani, “Nigoh”, “Panoh” kabi qissalari, “Jajman” va boshqa hikoyalari adabiy jamoatchilik tomonidan o‘zbek nasrining yutuqlari sifatida yuksak baholangan.
“Jimjitxonaga yo'l”, “Beozor qushning qarg‘ishi”, “Jim o‘tirgan odam” hikoyalari adibning keyingi yillar ijodida yangi sahifa ochdi. “Qichqiriq” (2014) to‘plami, “Donishmand Sizif” (2016) romani adabiyotimizda yaratilgan jiddiy, yetuk asarlar sifatida eʼtirof etildi.
Yozuvchi 2019-yili ulug‘ adibimiz Abdulla Qodiriy hayotiga bag‘ishlangan “Yolg‘iz” qissasini “Sharq yulduzi” jurnali orqali eʼtiborimizga havola etdi. Ushbu qissa O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Adib va jamiyat” ruknida nashr etildi, O‘zbekiston davlat drama teatrida sahnalashtirildi.
Xurshid Do‘stmuhammad mohir tarjimon ham. U yapon adibi Ryunoske Akutagava, ispan adibi Ignasio Aldekoa, shuningdek, Ales Juk, Boris Sachenko, Andrius Riuk kabi yozuvchilarning asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan.
Adibning “Bozor” romani, “Hijronim mingdir mening” va “Ozod iztirob quvonchlari” kitoblari 2000 yilgi “Ofarin” mukofotiga sazovor bo‘lgan. 2020-yili Madaniyat vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Ehtirom” mukofotiga sazovor bo‘ldi. “Yil adibi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Yozuvchining ssenariysi asosida yaratilgan “Chayongul” badiiy filmi (2000) keng tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan.
Xurshid Do‘stmuhammad – filologiya fanlari doktori. U mohir pedagog sifatida ko‘p yillar davomida yoshlarga saboq berib keldi. Shuningdek, faol ijodkor sifatida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi tomonidan o‘tkazilayotgan adabiy-maʼrifiy tadbirlarda faol qatnashib kelmoqda.
Xurshid Do‘stmuhammad – ijtimoiy faol ijodkor. Uning teran va o‘tkir publitsistikasi, adabiy maqolalari ham chuqur mantiqiyligi, dolzarbligi bilan o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otib keladi. Uyg‘oq qalb egasi bo‘lgan adib bugun ham adabiyotimiz va jamiyatimiz rivoji uchun beminnat xizmat qilmoqda.
Uning adabiyotimiz, jurnalistikamiz, madaniyatimiz rivojiga qo‘shgan hissasi davlatimiz tomonidan munosib baholanib, 1997-yili “Shuhrat” medali, 2006-yili “Do‘stlik” ordeni, 2020-yili “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. 2000-yili “Ofarin”, 2017-yili “Eʼtirof”, 2019-yili “Ehtirom” mukofotlariga loyiq ko‘rilgan.
Qizg‘inbahs munzoaralarga boy kechgan uchrashuvda talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga adib tomonidan atroflicha javob oldilar.


O’zMU Axborot xizmati