Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

Universitet Kengashining navbatdagi yigʻilishida bir guruh professor-oʻqituvchi va xodimlar taqdirlandilar

Bugun, 7-oktabr kuni Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida universitet Kengashining navbatdagi yigʻilishi oʻtkazildi. Ilmiy Kengash kun tartibiga bir nechta muhim masalalar qoʻyildi. Dastlab soha prorektorlari tomonidan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetini mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining flagmaniga aylantirish boʻyicha oʻquv-uslubiy, ilmiy tadqiqot va xalqaro hamkorlik sohalarida 2021-2022 oʻquv yilida amalga oshirilgan ishlar va 2022-2023 oʻquv yilidagi vazifalar xususida toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Sh.Toshmatov tomonidan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida oʻquv jarayonini tashkil etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar xususida aniq faktlar asosida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, universitetda barcha ta’lim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining 1-2 kurslarida oʻqitish 2021/2022 oʻquv yilida kredit-modul tizimi asosida olib borilganligi, fakultetlar, kafedralar faoliyati va  professor-oʻqituvchilarning dars mashgʻulotlari doimiy ravishda oʻrganib tahlil qilib borilganligi, Xorijiy filologiya fakultetining tegishli (ingliz, nemis, fransuz filologiyasi) ta’lim yoʻnalishlarining oʻquv rejalari qayta koʻrib chiqildi va  mutaxassislikka oid boʻlmagan fanlar soni kamaytirilganligi, 72 ta bakalavr ta’lim yoʻnalishi va 68 ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha ishchi Oʻquv rejalar va ishchi oʻquv dasturlari ishlab chiqildi va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanganligi, soʻnggi bir yil ichida 2 ta (Sun’iy intellekt, Moliya va kredit )  kafedralari tashkil etilganligi, 2022-yilda  16 ta bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari va 6 ta magistratura mutaxassisliklari ochilganligi, universitetda ilk bor bir yillik magistratura joriy etilganligi, 2022/2023 oʻquv yilida ilk marotaba universitetga 4 ta ta’lim yoʻnalishi boʻyicha masofaviy ta’lim shakli tashkil etilganligi va shu kabilar eshittirildi.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish komplaens nazorat tizimini boshqarish bo'limi boshlig'i SH.G'ulomov tomonidan 2021-2022 o'quv yilida universitetda korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha amalga oshirilgan  va kelgusida bajariladigan ishlar, mavjud kamchiliklar xususida tayyorlangan hisobot materiallari asosida axborot berildi. Jumladan, talabalar o'rtasida o'tkazilgan so'rovnamalar professor-o'qituvchilar tomonidan o'quv jarayoniga o'qitishning zamonaviy texnik vositalaridan unumsiz foydalanishlari va shuning bilan birgalikda darslarni o'tishda kamchiliklar mavjudligi, o'quv jaryoniga vijdonan yondashmaydigan o'qituvchilar bilan kelgusida shartnoma tuzishda e'tiborga olinishi kerakligi   ko'rsatib o'tildi.  SHundan so'ng Xalqaro aloqalar bo'yicha prorektor R.SHirinova universtetning “QS World University by subject rankings 2022” dagi ishtiroki va 2023 yildagi vazifalar to'g'risida chiqish qildi.

Ilmiy Kengash yakunida universitetning bir guruh professor-oʻqituvchilari va xodimlari koʻp yillik samarali va halol mehnati hamda oʻz xizmat vazifasiga boʻlgan sadoqati uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus ta'lim vazirligining faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi.

O’zMU Axborot xizmati