Universitetlar o'rtasida «Yo'l xaritasi» muhokama etildi


Joriy tilning 8-iyulida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida N.A.Dobrolyubov nomidagi Nijniy Novgorod davlat tilshunoslik universitetining Tashqi aloqalar va ijtimoiy sheriklik masalalari bo‘yicha direktori Svetlana Anatolyevna Kolobova bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda OʻzMU Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Xakimovna Shirinova, Xorijiy filologiya fakulteti dekani X.Bakiyev, Rus tilshunosligi kafedrasi mudiri N.Shchitka, kafedra professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik masalalari boʻyicha “Yoʻl xaritasi”, shuningdek, global raqamlashtirish jarayoni sharoitida tarjima faoliyatini amalga oshirish strategiyasi va taktikasiga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, talabalarning rus, fransuz tillari tarjima olimpiadalarida ishtirok etishi, talabalar, magistrlar, yosh olimlar va o‘qituvchilarning tarjimashunoslik muammolari bo‘yicha taqdimotlari hamda qo‘shma xalqaro anjumanlarda sinxron tarjima qilish amaliyoti xususida soʻz yuritildi.
Tadbir doirasida mintaqaviy va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy tadqiqot natijalarini almashish, ta’lim muhitining psixologik xavfsizligi masalalari bo‘yicha dolzarb muammolarni tizimlashtirish va ilmiy tadqiqot yo‘nalishlarini aniqlash boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.
Suhbat yakunida “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, shu bilan birga, ta’lim sohasida universitet ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Xalqaro aloqalar bo'limi