Ilg`or pedagogik va axborot – kommunikatsiya texnologiyalaridan o`quv jarayonida foydalanish zamonaviy ta`limning asosiy xususiyatiga aylanmoqda.
Respublikamizning etakchi oliy o`quv yurtlari qatori Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetida ham zamonaviy ta`lim texnologiyalaridan foydalanish o`quv jarayoniga keng tatbiq etilmoqda.
Jahon talablariga javob bera oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashning ilmiy asoslarini ishlab chiqishda tadqiqot loyihalarining alohida o`rni bor. 2018 yilning 25 oktyabrida “O`zbekistonda oliy ta`lim muassasalarining o`quv jarayonida ilg`or pedagogik va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni takomillashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida “Oliy ta`lim muassasalarining o`quv jarayonida ilg`or pedagogik va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi: amaliyot va istiqbollar” mavzusida ilmiy-amaliy konferentsiya o`tkaziladi.
Konferentsiya O`zbekiston Respublikasi Oliy va O`rta Maxsus Ta`lim Vazirligi, YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonasi, Xalq ta`limi sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish Markazi va boshqa tashkilotlar xamkorligida tashkil etilmoqda.
Konferentsiyaning maqsadi – zamonaviy ta`limning yangi tamoyillari va rivojlanish tendentsiyalarini aniqlash va pedagogik faoliyatning istiqbolli yo`nalishlarini belgilashdan iborat.
Konferentsiyada quyidagi yo`nalishlar doirasidagi muammolar aniqlanishi va tajribalar almashinishi ko`zda tutilmoqda:
1.Pedagogik texnologiyalardan samarali foydalanish muammolari va echimlar;
2.Axborot texnologiyalari - ta`lim sifatiga qaratilgan vosita;
3.Masofali ta`lim texnologiyalari – o`qitishga yangicha nigoh;
4.Professor-o`qituvchilarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish kompetentsiyasi;
5.Oliy ta`lim muassasalaridagi o`quv jarayoni – yoshlar nigohida.
Respublikamiz va xorijda faoliyat ko`rsatayotgan professor-o`qituvchilar, ilmiy xodimlar, tadqiqotchilar, talabalarni mavzuga oid o`z tajribalari bilan o`rtoqlashish, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan qimmatli takliflarini bildirish va bu orqali oliy ta`lim sifatini yanada oshirishga xissa qo`shish imkoniyatidan foydalanishga chaqiramiz.
Sizning har qanday taklif va mulohazalaringizni biz yuksak qadrlaymiz va samarali hamkorlikka chorlaymiz!