TASHABBUS TASHABBUSKORI MO`YNOQDA


Bugun erta tongdan tabiat yana o`z injiqligini namoyon qilib, to`xtovsiz sovuq shamol g`uvillaydi. Tashabbuskor talaba-yoshlar esa kiyim-boshlariga o`zgacha oroyish bergan. Chunki bugun qilgan mehnatlariga munosib bahoni kutmoqda. Bu vaqtda esa tezroq talabalar bilan uchrashib, yoshlarning mehnatini qadrlash, tashabbuskor talabalar tomonidan bunyod etilgan muhtasham bog`ni ko`rish va munosib bahosini berish uchun azim Toshkent shahridan O`zMU rektori Avazjon Maraximov Qoraqalpog`iston Respublikasi Mo`ynoq tumani Bo`zatov ovul fuqarolar yig`ini Shag`rli ovuli tomon shoshilmoqda. 



Soat 11:30. Hamma hayajonda. Talabalar: Rektorimiz bizdan rozi bo`larmikanlar? Biz ularning ishonchini oqlay oldikmikan, deb turgan vaqtda rektorning xayolidan: tashabbuskor talaba-yoshlarimizga qanday minnatdorchilik bildirsam ekan? Ular qilgan mehnatidan rozi ekanmi, degan o`y kezmoqda edi. 



Nihoyat orziqib kutilgan vaqt keldi. Universitet rahbari O`zbekiston Milliy universitetining o`quv-ilmiy poligonini ochib berish uchun etib keldi. Rektorni tashabbuskor talaba-yoshlar ekspeditsiyasi a`zolari bilan birga, Mo`ynoq tumani hokimi Saylavbay Daniyarov boshchiligidagi bir guruh o`quvchilar kutib oldi. 



Rektor hududga kirib kelar ekan, hammaga minnatdorlik ohangida, xushkayfiyatda shunday dedi: Kuni kecha oliy ta`lim muassasalari, ijtimoiy soha mutasaddilari bilan yig`ilish bo`lib o`tdi. O`sha yig`ilishda fidokorona tashabbuslaring uchun Prezidentimizning maslahatchisi A.Abduvaxidov va Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri I.Majidovlar sizlarga o`z minnatdorchiliklarini bildirdi. Haqiqatdan ham sizlar Mo`ynoq tumanida 500 ming gektar maydonda saksovul ekilibdi, Orolni qutqarish ishlari mana bunday amalga oshirilayotgan ekan deb kitoblardan o`qib o`tirmasdan, amaliy harakatga kirishdinglar. 
Birgina misol, hammamiz, odatda, ko`p bora vatanparvarlik, yurtga sadoqat, ota-onaga mehr-muruvvat haqida takrorlaymiz. Sizlarning bu ishingizni esa chinakam vatanparvarlik namunasi desa bo`ladi. Sizdek mehnatkash o`g`il-qizlari bor ekan Prezidentimiz aytganlaridek, O`zbekiston 2035 yilga borib dunyodagi rivojlangan 50 talik davlatlar qatoridan joy oladi. Men buni birgina namunasini shu bugun, shu erda ko`rib turibman. Men, siz tashabbuskor talaba-yoshlarga boshim erga tekkunicha ta`zim qilaman, bolalarim. Rahmat sizlarga, dedi. 







Shundan so`ng tuman hokimi va yoshlar ishtirokida 2 gektarlik bog`ni ko`zdan kechirib chiqar ekan, yaxshi niyat bilan bir dona o`rik ko`chatini bog`dagi hududga o`tqazdi. 
Shu bilan birga, Biologiya fakulteti dekani To`xtasin Abdraxmanovga bu xayrli ishni davom ettirib, 2020-2021 o`quv yilidan 2 nafar bakalavr, 2 nafar magistrant va 2 nafar doktorantlarning ilmiy- tadqiqot ishini bevosita Orolbo`yi, xususan, Mo`ynoq tumanining tabiiy geografiyasi, tuprog`i, o`simlik dunyosini tadqiq etishi uchun mavzular berilishi kerakligi to`g`risida ko`rsatma berdi. 







Shundan so`ng rektor boshqiligida jamoa Mo`ynoq tumanidagi 2-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabiga tashrif buyurdi. Maktabning moddiy-texnik bazasi, o`quv-ilmiy salohiyati bilan tanishar ekan, ularning muammolari bilan ham qiziqdi. 



Xususan 3 b sinfga kirib, o`quvchilar bilan dildan suhbat qurdi. O`quvchilarning iltimosiga ko`ra, O`zMU rektori kelgusida maktab o`quvchilariga matematika, biologiya, kimyo, fizika, xorijiy tillar, tarix fanlari bo`yicha O`zMUning dunyo tan olgan bir guruh professor-o`qituvchilarining shu maktabga kelib ma`ruzalar o`qishiga va`da berdi. 





Bu erda ham rektor maktabning bog`iga yaxshi tilak bildirib, bir tup o`rik ko`chatini o`tqazdi.



So`ngra tumandagi ekologiya muzeyiga tashrif buyurdi. U erda O`zMU rektori A.Maraximov va Mo`ynoq tumani hokimi S.Daniyarovlar Mo`ynoq tumanida kelgusida amalga oshirilishi kerak bo`lgan rejalar yuzasidan hamkorlik memorandumini imzolashdi.



Ravshan OMONOV,
ekspeditsiya axborot xizmati rahbari

Asosiy korsatkichlar
1182 Professor-oqituvchilar soni
26796 Jami talabalar soni
3500000 ARM fondi
52 Yonalish bakalavr
71 Mutaassislik magistratura