“O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Rektor tabrigi


Muhtaram professor-o‘qituvchilar! Aziz hamkasblar!

Biz bu yilgi kasb bayramimizni yuksak ko‘tarinkilik va ijodiy safarbarlik ruhi bilan qarshi olmoqdamiz.

Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevning jonajon universitetimizga tashriflari chog‘ida bildirilgan yuksak ishonch, belgilangan ulkan marralar har birimizning kuchimizga kuch, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shayotgani ayni haqiqat.

Milliy universitetning yuz yillik tarixi, qolaversa yurtimizning shonli o‘tmishi mobaynida ilm-fanga bu qadar katta e’tibor, olim va ustozga bunday g‘amxo‘rlik misli ko‘rilmagan edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Jamiyatda olimning nufuzi yuqori, ustozning hurmati ulug‘, o‘qituvchining qadri baland bo‘lmas ekan – taraqqiyot ham, farovonlik ham bo‘lmaydi.

Hurmatli Prezidentimiz, «Kelajak avlodimiz taqdiri, butun millatimiz, xalqimiz, davlatimiz taqdiri muhtaram muallimlarga bog‘liq», deganlarida, faqat o‘rta maktab o‘qituvchilarini emas, oliy ta’lim tizimidagi 25 mingdan ziyod ustozlarni ham nazarda tutganlari shubhasiz.

Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, tom ma’nodagi sifat o‘zgarishlar yaqin kelajakda yuqori samara berishi barchamizga, har birimizga bog‘liq ekanini yaxshi anglaymiz.

Davlatimiz rahbarining talabi oddiy va aniq: “tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik”. Binobarin, har birimiz o‘z faoliyatimizda shu ko‘rsatmalarga og‘ishmay amal qilsak – ishimiz samarali, natijalar salmoqli, sharafimiz yuqori bo‘ladi.

Modomiki, zamon talablaridan kelib chiqib, innovasion va kreativ fikrlaydigan, jahon andozalariga mos yetuk kadrlar tayyorlashni, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalashni maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, eng avvalo o‘zimizda innovasion g‘oya va texnologiyalarga intilish, yangilik yaratishga ishtiyoq bo‘lishi zarur. Ona Vatanga sadoqat, milliy iftixor, ilm-fanda fidoyilik borasida professor-o‘qituvchilarimiz barchaga o‘rnak bo‘lishiga ishonamiz.

Qadimdan qolgan naqlga ko‘ra, shogirdining o‘zidan o‘tib ketganini his qilish – ustoz uchun eng oliy baxt ekan. Keling, o‘zimizga mana shu saodatni tuhfa etaylik, yoshlarimizga shunday ta’lim-tarbiya beraylikki, ularning ilmi va ma’naviyatini ko‘rgan har bir inson: “Ustozingga rahmat!”, desin.

Barchangizni shu qutlug‘ ayyom bilan muborakbod etaman!

Oilangizga tinchlik-xotirjamlik, o‘zingizga mustahkam sog‘liq va ijodiy yutuqlar tilayman!

Asosiy ko‘rsatkichlar
1250 Professor-o‘qituvchilar soni
17650 Jami talabalar soni
3500000 ARM fondi
56 Yo‘nalish bakalavr
125 Xalqaro talabalar soni
128 Xalqaro professor-o`qituvchilar soni
91 Mutaõassislik magistratura