Milliy universitet huzurida yangi ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasining Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Normaning yozishicha, institut laboratoriyalari zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi va sarflanuvchi materiallar hamda butlovchi qismlar bilan ta’minlanadi. Unga turli xil nurlanishlarning yarimo‘tkazgichli materiallar va ular asosidagi asboblarning xususiyatlariga ta’sirini o‘rganish maqsadida EG-2 SOKOL elektrostatik tezlatgich noyob ilmiy ob’ekti beriladi.
 
ITIda 01.04.10 - yarimo‘tkazgichlar fizikasi ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini (PhD) beruvchi Ilmiy kengash tashkil etiladi.
 
Shu erning o‘zida ilmiy-tadqiqot ishlarining natijalarini chop etish uchun Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy jurnali joylashadi.

Quyidagilar institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:

yarimo‘tkazgichlar fizikasi, yarimo‘tkazgichli mikroelektronika, materialshunoslik, geliofizika va muqobil energiya manbalari sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni, innovatsion loyihalarni amalga oshirish va bu borada ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirishda ishtirok etish, jumladan, ilmiy tadqiqotlar loyihalarini klaster shaklini tashkil etish orqali bajarish, shuningdek, yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika sohasini rivojlantirishning jahondagi zamonaviy tendentsiyalarini tahlil qilish;
yangi yarimo‘tkazgichli materiallarni yaratish texnologiyalarini ishlab chiqish va ular asosidagi mikroelektronika hamda fotonikaning tayanch elementlari hisoblanadigan ko‘p qatlamli tuzilmalar parametrlarini tadqiq etish;
yuqori texnologik sohalar va respublika iqtisodiyoti tarmoqlarida talab yuqori bo‘lgan turli funktsional maqsadlarga mo‘ljallangan barqaror va qayta tiklanuvchi parametrli zamonaviy yarimo‘tkazgichli asboblarni yaratish;
yarimo‘tkazgichlar fizikasi va yarimo‘tkazgichli mikroelektronika sohasida ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun Institutni zarur zamonaviy o‘quv hamda ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash orqali uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, sanoat va boshqa manfaatdor tashkilotlar, shuningdek, xususiy sektorning o‘zaro hamkorligini ta’minlash uchun yarimo‘tkazgichlar fizikasi hamda yarimo‘tkazgichli mikroelektronika sohasida innovatsiyalarni joriy etishga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
barcha bosqichlarda fundamental va amaliy ilm-fanning ta’lim jarayoni bilan integratsiyalashuvini ta’minlash, bu borada o‘quv-tajriba, laboratoriya va kurs ishlarini bajarish, ishlab chiqarish va diplomoldi amaliyotlarini o‘tash uchun laboratoriya bazasidan foydalanish;
tegishli bakalavriat ta’limi yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining yangi o‘quv dasturlari, darsliklari, o‘quv qo‘llanmalarini yaratishga amaliy yordam ko‘rsatish orqali o‘quv-metodik ishlarning darajasi hamda sifatini oshirish;
yarimo‘tkazgichlar fizikasi hamda yarimo‘tkazgichli mikroelektronika sohasida xalqaro aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirish, hamkorlikdagi xalqaro loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek xalqaro ilmiy anjumanlar hamda simpoziumlarni tashkil etish va o‘tkazish;
bakalavrlar va magistrlarni tayyorlashda ilmiy-metodik yordam ko‘rsatish, shuningdek, Institut negizida fizikaning tegishli ixtisosliklari bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarida ta’lim olishni tashkil etish orqali oliy malakali ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;
yarimo‘tkazgichlar fizikasi, mikroelektronika va fotonika sohasida ilmiy hajmdor texnologiyalarni yaratish hamda innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish, shuningdek, respublika tashkilotlari va iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlariga muvofiq ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish.
 
Bundan tashqari, iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlari asosida Fizika ilmiy-tadqiqot institutida innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va yangi yarimo‘tkazgichli materiallar yaratish bo‘yicha ilmiy-texnik dastur ishlab chiqiladi.

Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi.
 
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, respublika oliy ta’lim muassasalarining Fizika, Fizika va astronomiyani o‘qitish metodikasi, Biotibbiyot fizikasi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining 2-4 kurs talabalari hamda tegishli magistratura mutaxassisliklari talabalari uchun ITI laboratoriyalari negizida mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Shu erning o‘zida talabalar bitiruv-malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini himoya qilish maqsadida malakaviy amaliyot o‘tashlari mumkin bo‘ladi.
 
Institut Toshkent shahri, Olmazor tumani, Yangi Olmazor ko‘chasi 20-uyda joylashtiriladi. Hozir u erda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi Olmazor akademik litseyi joylashgan. Litsey o‘quvchilari o‘qishni bitirgunlariga qadar Institut binolarida o‘quv jarayonini davom ettiradilar.
 


Hujjat 27.06.2018 yilda kuchga kirdi.

Manba: kun.uz


Asosiy ko‘rsatkichlar
1182 Professor-o‘qituvchilar soni
15275 Jami talabalar soni
3500000 ARM fondi
56 Yo‘nalish bakalavr
91 Mutaőassislik magistratura