SHАVKАT АYUPOV – O'ZBEKISTON QАHRАMONI

Mustaqillik bayrami arafasida butun xalqimiz uchun Prezidentimizning "O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan fan, ta'lim, sog'liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat, san'at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to'g'risida"gi farmoni qo'shaloq xushxabarga aylandi. Bunday yangilik barcha hamyurtlarimiz qalbiga nur, quvonch bag'ishladi.
Shu o'rinda, Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti akademigi, atoqli matematik olim Shavkat Аyupovning mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini oshirish, Vatanimiz obodligi, turmushimiz farovonligini ta'minlash borasidagi katta xizmatlari, so'nggi yillarda Yangi O'zbekistonda jadallik bilan olib borilayotgan tub islohotlar jarayonidagi tashabbuskorligi, davlat va xalq manfaatlari yo'lidagi fidokorona mehnati, ishlab chiqarish va ijtimoiy-ma'naviy sohalardagi ko'p yillik samarali va ibratli faoliyati, yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qo'shgan katta hissasi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun O'zbekiston Respublikasi Prezident farmoni bilan “O'zbekiston Qahramoni” unvoni berilib, “Oltin yulduz” medali topshirildi.
Ma'lumot o'rnida, Shavkat Аyupov 1996 yilda “Shuhrat” medali, 2003 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan. 2008 yilda Mongoliya Fanlar akademiyasi a'zosi etib saylangan. Shuningdek, dunyo tan olgan yetuk olimimiz Аbdus Salom nomidagi Xalqaro Nazariy fizika markazi (ICTP) (Triyest, Italiya) va Turk dunyosi Matematika jamiyatining ilmiy jamg'arma boshqarmasi a'zosi hamdir. U 2011 yilda davlatimizning “O'zbekiston Respublikasi Fan Аrbobi” fahriy unvoni bilan taqdirlangan.
Matematik olimning algebra faniga oid izlanishlari xalqaro miqyosda ham yuksak e'tirof etilgan.
O'zbekiston qahramonini ushbu yuksak mukofot bilan universitet rahbariyati va jamoasi nomidan muborakbod etamiz.
O'zMU Axborot xizmati