Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

«Yer resurslari va bioxilma-xillikni barqaror boshqarish SERBEMA-2022» mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o`tkazildi

Mamlakatimizda iqtisodiy-ijtimoiy sohalarining barcha jabhalarida o‘tkazilayotgan islohotlar strategiyasida tabiiy resurslardan, shu jumladan, birinchi navbatda yer resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Joriy yilning 12-aprel kuni 22-aprel – BUTUNJAHON YER KUNI munosabati bilan tashkil etilgan «Yer resurslari va bioxilma-xillikni barqaror boshqarish SERBEMA-2022» mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi. Mazkur konferensiya yerlardan oqilona foydalanish va muhofaza qilishning institutsional masalalari, samarali foydalanish, tuproqlar unumdorligini saqlash va oshirish yo'nalishlarida qo‘yilgan dolzarb vazifalarni yechishga, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga keng joriy qilishga, fan va amaliyot o‘rtasida samarador hamkorlikni rivojlantirishga, taʼlim sifatini taʼminlashda “Taʼlim-fan va amaliy tajriba negizida” tamoyilini qo‘llashda xizmat qiladi. Anjumanda O'zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov, O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari Maqsud Ro'zmetov, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) O'zbekistondagi vakili o'rinbosari Sherzod Umarov, "TUPROQSIFATTAHLIL" DUK Bosh direktori Odil Jabborov, "IFODA" MCHJ QK Bosh direktori Qodirxon Mirzamaxmudov, xorijiy professor olimlar, universitet professor-oqituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Anjumanni O'zMU rektori, professor Inom Madjidov ochib berib, konferensiya ishiga omad tiladi. Tadbirda taʼkidlanganidek, yer muammolariga insoniyatning eʼtiborini qaratish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh assambleyasi qaroriga asosan 22-aprel kuni Butunjahon Yer kuni sifatida nishonlanadi. Konferensiya doirasida yer resurslaridan oqilona foydalanishning tashkiliy-huquqiy asoslari, O‘zbekistonda biologik xilma-xillikni tiklash va saqlash-ekologik xavfsizlikni taʼminlash va mamlakatning barqaror rivojlanishi, shuningdek, iqlim o‘zgarishining yuz berayotgan jarayonlariga moslashishning ishonchli yo'llari, tanazzulga uchragan ekotizimlarni tiklash hamda kamyob va yo'qolib ketish xavfi ostidagi turlarini tiklash bo‘yicha chora-tadbirlari ishlab chiqildi.


Anjuman davomida O`zMU professori, akademik Ravshan Sobirov, Yaponiyaning Tokio qishloq xojaligi va texnologiya universiteti professori Yoshiharu Fujii, Yoshiku Kavabata, Rossiya Federatsiyasining V.V.Dokuchayev nomidagi Tuproqshunoslik instituti professori Igor Savin hamda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti professori, akademik Komiljon Tojiboyevlarning ma'ruzalari tinglandi. Shuningdek, tadbirda mavjud yerlarimizni asrab-avaylash, uning unumdorligini va iqtisodiy samaradorligini oshirish, ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarini, jumladan, qishloq xo‘jaligini aholining o‘sish surʼatlari bilan bog‘lab, ilmiy asoslangan tizim asosida yuritilishi, biologik xilma-xillik komponentlari samarali muhofaza qilinishini davom ettirish uchun tizimli yondashuvni qo‘llash hamda hayvonlarning o‘zini ham ular yashash joyini muhofaza qilish bo‘yicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqish zarurligi ta'kidlab o‘tildi.
Shu bilan birga, oliy o‘quv yurtlarida zamonaviy tuproqshunos-agrokimyogar mutaxassislarni tayyorlash, tuproqlarini monitoringi, qishloq xo‘jaligi yerlarini xaritalash va baholash, agrotexnik va agromeliorativ tadbirlarni ishlab chiqish, hududida bioxilma-xillikni saqlash dolzarb masalalari, sug‘oriladigan tuproqlardan oqilona foydalanish va muhofaza qilishda raqamli texnologiyalarni joriy qilish, degradatsiyaga uchragan tuproqlarni tiklash va unumdorligini oshirish uchun innovatsion texnologiyalar va yangicha yondashuvlar, degradatsiyaga uchragan tuproqlar sharoitida biodehqonchilikni rivojlantirish kabi masalalar ham muhokama qilindi.
Xalqaro hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilar muhokama etilayotgan masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar va tegishli tavsiyalar berildi.


O`zMU Axborot xizmati