Yuksak taraqqiyot – tinchlik va hamjihatlik bilan amalga oshadi

Ma’lumki, so‘nggi kunlarda o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasida nifoq solish, davlatchilik asoslarini izdan chiqarishga qaratilgan urinishlar ro‘y berdi.
Bunda omma fikrini chalg‘itishga qaratilgan turli xil provakatsion ruhdagi manipulyatsion texnologiyalardan unumli foydalanishmoqda. Voqealarga bahona sifatida ko‘rsatilayotgan konstitutsion islohotlar loyihasining muhokamasi nihoyasiga yetmasdan turib, uni asossiz ravishda nizolar omili sifatida ko‘rsatishga urinilmoqda.
Qoraqalpog‘istondagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotni tubdan yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar tizimi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan kompleks islohotlar jarayonlarining muhim va asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Orolbo‘yidagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha yaqin yillarda qabul qilingan xalqaro me’yoriy hujjatlar, Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishning besh yillik dasturi kabilar buning yaqqol isboti bo‘la oladi.
Amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlarni qadrlash va qo‘llab-quvvatlash o‘rniga mavjud vaziyatni izdan chiqarishga qaratilgan axborot xurujlari ta’siriga tushib qolish mamlakatimiz, farzandlarimiz kelajagiga solinayotgan tahdidni ko‘rmaslik bo‘ladi.
Mamlakatimizda aholining barcha qatlamlari huquq va manfaatlarining yuzaga chiqishi, ijtimoiy adolatning qaror topishi amalga oshirilayotgan islohotlarimizning bosh maqsadiga aylanib ulgurdi. Bu esa birinchi navbatda, Prezidentimiz ko‘p bor ta’kidlaganlaridek, tinchlik, o‘zaro hamjihatlik orqaligina yuzaga chiqadi. Shusiz ham tahlikali bo‘lib turgan global dunyo manzarasida sobitqadamlik bilan taraqqiy etayotgan respublikamizdagi barqarorlikni asrab-avaylash barchamizning muqaddas burchimizdir.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov