2021 yil 25 may kuni yurtimizning barcha umumta’lim maktablarida bitiruvchi o‘quvchilar ishtirokida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Ana shunday tadbirlar Toshkent shahrining Olmazor tumanida ham shukuhli tarzda tashkil qilindi. Tumanning eng namunali ta’lim maskanlaridan biri hisoblangan 191-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham o‘tkazilgan bayram tadbiri bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun unitilmas taassurot qoldirdi.
Mazkur tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari Ziyodullo Sa’dullayev va O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti dekan o‘rinbosari O.Musurmonkulov, Yoshlar ittifoqi Kengashi yetakchisi Sh.Abdullayev professor-o‘qituvchilar hamda maktab ma’muriyati, ota-onalar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti dekan o‘rinbosari O.Musurmonkulov so‘zga chiqib bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning mamlakatimiz umumta’lim maktablarining bitiruvchilariga murojaatini yetkazgan holda, barcha bitiruvchi yoshlarni beg‘ubor o‘quvchilik yillarini ortda qoldirib, hayotning yangi mas’uliyatli bosqichiga dadil qadam qo‘yayotganlari bilan samimiy tabrikladi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar bitiruvchi o‘g‘il-qizlarning yangi kasb-hunarlarni egallashlari va eng asosiysi o‘z maqsadlari sari tinmay harakat qilishlarini ta’kidlab o‘tdilar.Shu bilan birga, yurtimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli va chuqur islohotlarning mazmun-mohiyati, yoshlarning bilim olishlari va mehnat qilishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib, barcha bitiruvchi o‘quvchilarga oq yo‘l tiladilar. Shuningdek, oliy o‘quv yurtlariga, xususan O‘zbekiston Milliy universitetida o‘qishni davom ettirishga jalb etdilar. 2020-2021 o‘quv yili mobaynida o‘z iste’dodini to‘la namoyish eta olgan, yutuqlarga erishgan iqtidorli o‘quvchilarga O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan o‘quv adabiyotlari sovg‘a qilindi va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur taqdirlash marosimida nafaqat iqtidorli talabalar balki olijanob kasb egalari bo‘lgan o‘qituvchilar, ustoz-murabbiylarning mashaqqatli mehnati munosib rag‘batlantirildi.
Tadbirda bitiruvchi yoshlarning badiiy va musiqali chiqishlari namoyish etildi. Shu bilan birga, o‘quvchilarning jonli chiqishlari tadbirga ko‘tarinki kayfiyat taqdim etdi. Tadbir yakunida barcha maktabning o‘ziga xos an’ana, udumi bor bo‘lganidek, bitiruvchi o‘quvchilar barcha ustoz va ota-onalari qarshisida maktab sha’nini ko‘tarishga, ustozlar o‘gitlarini, bergan bilimlarini oqlashga, mustaqil vatanimiz Yangi O‘zbekistonga munosib Renessans bunyodkori bo‘lishga tantanali ravishda qasamyod qilishdi.
O‘zMU Axborot xizmati