Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

3-mart – “Butunjahon yovvoyi tabiat kuni”

O‘zbekiston Milliy universitetida 3-mart – “Butunjahon yovvoyi tabiat kuni” munosabati bilan tegishli mutaxassislar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Unda Biologiya va ekologiya fakulteti ekologiya kafedrasi dotsenti Sherzod Xalillayev ma’ruza qilib, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlar va o‘simliklar turlari, yovvoyi tabiatni asrash, undan foydalanish madaniyati to‘g‘risida yig‘ilganlarga batafsil tushuncha berdi.

Davra suhbati muloqot tarzida davom etdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi, biologiya va ekologiya yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar tomonidan jo‘yali taklif va tashabbuslar bildirildi.

Ma’lumot o‘rnida, 2013-yil 20-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi o‘z rezolyutsiyasi bilan keng jamoatchilikning yovvoyi hayvonot va o‘simlik dunyosi haqida xabardorligini oshirish maqsadida 3 martni – “Butunjahon yovvoyi tabiat kuni” deb e’lon qilgan. Bunday umuminsoniy bayramning paydo bo‘lishi sayyoramizdagi biologik xilma-xillikni saqlash zarurligini anglab yetish bilan bevosita bog‘liq.

O‘zMU Axborot xizmati