O‘zbekiston Milliy universitetida professor-o‘qituvchilar ishtirokida “O‘quvchi va talaba qizlarga nisbatan tazyiq yoki zo‘ravonlik holatlarining oldini olish” mavzusida psixologik seminar-trening mashg‘uloti tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi — ta’lim muassasasida sog‘lom va xavfsiz muhitni shakllantirish, shuningdek, pedagoglar o‘rtasida bu boradagi bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Trening davomida ishtirokchilarga tazyiq va zo‘ravonlikning turli ko‘rinishlari — jismoniy, ruhiy va ijtimoiy shakllari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, shaxsiy munosabatlarda yuzaga keladigan muammolar, yordamlashish mexanizmlari, amaldagi qonunchilik va etik qoidalarga asoslangan holda ularni aniqlash hamda bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi. Mashg‘ulot davomida pedagoglarga o‘quvchi va talabalar bilan sog‘lom muloqotni yo‘lga qo‘yishning ahamiyati, ularning ruhiy holatini kuzatish hamda tazyiq holatlarini aniqlash mezonlari tushuntirildi. Ishtirokchilar o‘z amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, turli holatlar asosida muammolarning yechimiga oid tavsiyalar ishlab chiqishdi.

Seminarda universitet rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi R. Rustamova hamda universitet psixologi N. Zokirova so‘zga chiqib, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan talabalarga ko‘rsatiladigan yordam usullari, muammoning oldini olish strategiyalari va universitet miqyosida mavjud bo‘lgan huquqiy mexanizmlar haqida batafsil ma’lumot berishdi. Shu bilan birga, ishtirokchilarga amaldagi qonunchilik va universitetning ichki intizomiy qoidalari ham eslatib o‘tildi. Ushbu trening universitetda ijtimoiy adolat va xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, talabalar va o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom muhitni qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday amaliy mashg‘ulotlarning muntazam tashkil etilishi esa o‘qituvchi va talabalar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan munosabatlarni mustahkamlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
