1-Xalqaro talaba-yoshlar Zomin turizm forumi o‘tkazildi

21-22-may kunlari Jizzax viloyatining Zomin tumanida O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan xorijiy va mahalliy talaba-yoshlar ishtirokida “Yoshlar va etnoturizm” shiori ostida 1-Xalqaro talaba-yoshlar Zomin turizm forumi o‘tkazildi.

Mazkur forum Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 7-maydagi 40-sonli bayonining tegishli topshiriqlari ijrosi, shuningdek, talaba-yoshlar orasida turistik faollikni yanada rivojlantirish, ular uchun sayyohlikni rivojlantirish loyihalari hamda yangi g‘oyalarini amaliy qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, shuningdek, Jizzax viloyati turizm obyektlarini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.

Forum doirasida milliy va etnosport o‘yinlari, Zomin tumani umumta’lim maktablari bitiruvchi o‘quvchilari ishtirokida “Ochiq eshiklar kuni”, Plogging aksiyasi, talaba-yoshlar va tuman mahalliy yoshlari o‘rtasida Zakovat intellektual o‘yinlari, shuningdek, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlari tashkil etildi.

1-Xalqaro talaba-yoshlar Zomin turizm forumida O‘zbekiston Milliy universiteti va universitetning Jizzax filiali talabalari hamda chet ellik talaba-yoshlar, shuningdek, tuman yoshlari ishtirok etdi.

Ahamiyatli jihati, Forum AQSh, Xitoy, Rossiya, Shvetsiya, Ukraina, Saudiya Arabistoni, Afg’oniston, Ozarbayjon, Pokiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston va Tojikistonlik xorijlik talabalarni ham qamrab oldi.

O‘zMU Axborot xizmati