Bugungi kunda xalqaro reytinglar oliy ta’lim muassasalarining jahon miqyosida raqobatbardoshligini aniqlashda muhim vosita hisoblanadi. Ilm-fan va innovatsion tadqiqotlar sohasida yuksak natijalarga erishayotgan O‘zbekiston Milliy universiteti yana bir xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Bugun, 22-yanvar kuni, THE dunyo universitetlari reytingining fan yo’nalishlari bo’yicha natijalari e’lon qilindi. O‘zbekiston Milliy universiteti ushbu reytingda ilk bora ishtirok etib, fizika fani yo‘nalishida dunyo bo‘yicha 601-800 o’rinlarni qayd etdi.
Ma’lumot o’rnida, bu yil 107 mamlakatdan 1400 dan ortiq universitetlar fan yo’nalishlari bo’yicha reytingdan o’rin olgan.
Fizika fanlari bo‘yicha reyting uchun baholash mezonlari:
- Ta’lim: o‘quv muhitiga oid mezonlar – 26,8 foiz;
- Tadqiqot muhiti: hajm, daromad va obro‘ – 26,5 foiz;
- Tadqiqot sifati: kuch, ta’sir va mukammallik – 35,2 foiz;
- Xalqaro ko‘lam: xodimlar, talabalar va tadqiqotlar – 7,5 foiz;
- Sanoat: daromad va patentlar – 4 foiz.
Ushbu muvaffaqiyat O‘zMUning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlab, xorijiy talabalar va olimlar e’tiborini oshirish, xalqaro grant va investitsiyalarni jalb qilish uchun keng imkoniyat yaratadi.
O‘zMU Axborot xizmati