O‘zbekiston Milliy universiteti Xorijiy filologiya fakulteti Nemis filologiyasi kafedrasining besh nafar iqtidorli talabasi Germaniyaning nufuzli akademik almashinuv tashkiloti — DAAD (German Academic Exchange Service) tomonidan taqdim etilgan Sommerkurs (yozgi o‘quv kurslari) dasturi doirasida stipendiyalarga sazovor bo‘ldi.

Talabalar joriy yilning avgust oyi boshida Germaniyaga yo‘l olishib, hozirda o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli davom ettirmoqdalar. Stipendiatlardan biri Boltaboyeva Shahzoda Jena shahrida, Jarqinova Shodiya esa Veymar shahrida tashkil etilgan maxsus dasturlarda ishtirok etmoqda. Ushbu kurslar nemis tilini chuqur o‘rganish, shuningdek, Germaniya madaniyati va tarixini tahlil qilishga yo‘naltirilgan.

O‘quv jarayoni davomida talabalar nafaqat til bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishmoqda, balki turli madaniy tadbirlar, ekskursiyalar hamda xalqaro muloqotlarda faol ishtirok etmoqda.

DAAD tomonidan har yili tashkil etiladigan Sommerkurs dasturi dunyoning turli mamlakatlaridan iqtidorli talabalarga Germaniyada qisqa muddatli ta’lim olish imkonini yaratadi. Bu kabi tashabbuslar O‘zbekistonlik yoshlar uchun xalqaro akademik tajribaga ega bo‘lish, ilmiy va madaniy aloqalarni rivojlantirish hamda kelgusi faoliyatlari uchun mustahkam asos yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.