Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zMU olimlari Orol dengizi hududida tadqiqot olib bormoqda

Ayni kunlarda O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya va ekologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari, bir guruh olimlari Orol dengizi hududida kuzgi ilmiy-amaliy ekspeditsiyani amalga oshirmoqda.

Ekspeditsiya doirasida Orol dengizining qurigan tubidan ko‘tarilayotgan chang, tuz va qumlarning ko‘chishi, Orolbo‘yi hududida kechayotgan tabiiy geografik jarayonlar, cho‘llanish hodisasini kuzatish ishlari olib borilyapti.

Olimlarimiz ayni damda Mo‘ynoq tumanidan dengizga qadar bo‘lgan yo‘nalish kesimida tuproqlarning holati, o‘simliklarning qoplami va ekologik holati, qum zarrachalari ko‘chishining oldini olish bo‘yicha muammolarni o‘rganib, ularni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbir hamda yechimlar izlamoqda.

Orol dengizi hududida hozirda yagona bo‘lgan jonzot — artemiya yashaydi. U jabraoyoqlilar turkumiga mansub qisqichbaqasimonlarning bir turi hisoblanadi. Artemiya va uning istiqbollari bo‘yicha ham olimlarimiz ilmiy tadqiqot olib borishmoqda. Dengiz suvi va ushbu hududning tuproqlaridan laboratoriya uchun analizlar olinyapti.

Mazkur ekspeditsiya doirasida ekotizim, tuproq, shuningdek, mintaqa bioxilma-xilligi holatidagi o‘zgarishlarni o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

O‘zMU Axborot xizmati