O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti Ijtimoiy ish kafedrasi tashabbusi bilan “Yoshlar o‘rtasida psixoaktiv moddalarni iste’mol qilishning oldini olishda ilm-fan va xalqaro tajriba integratsiyasi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — yoshlar orasida psixoaktiv moddalar iste’molining oldini olish bo‘yicha ilmiy yondashuvlarni keng joriy etish, xalqaro ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ularni milliy amaliyotga samarali tatbiq etish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Davra suhbatini Ijtimoiy fanlar fakulteti dekani Dilbar Muhammedova kirish so‘zi bilan ochib berib, mavzuning bugungi kundagi dolzarbligi va yoshlar tarbiyasidagi ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, Ijtimoiy ish kafedrasi mudiri Nodira Latipova mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ilmiy-amaliy ishlar hamda profilaktik chora-tadbirlarning ahamiyati haqida fikr bildirdi.
Tadbir doirasida BMTning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi tomonidan yoshlar orasida giyohvandlikka qarshi kurashning xalqaro standartlari yuzasidan ma’ruza taqdim etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixoaktiv moddalar tarqalishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan davlat siyosati, erishilgan natijalar hamda Tojikiston Respublikasining yoshlar o‘rtasida profilaktika yo‘nalishidagi ilg‘or tajribasi atroflicha yoritildi.
Ma’ruzachilar psixoaktiv moddalar iste’molining ijtimoiy, tibbiy va psixologik salbiy oqibatlari, profilaktika choralarini takomillashtirish, ijtimoiy ish amaliyotida zamonaviy metod va innovasion texnologiyalardan samarali foydalanish masalalariga batafsil to‘xtalib o‘tdilar.
Shuningdek, xalqaro amaliyotda qo‘llanilayotgan samarali mexanizmlar, ularni milliy sharoitga moslashtirish va tizimli ravishda joriy etish yo‘llari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Tadbir yakunida ochiq muloqot tashkil etilib, talaba-yoshlar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil va asosli javoblar berildi.
