Faol yoshlar bilan muloqot: Kontent yarat, ta’sir qil!

 O‘zbekiston Milliy universitetida “Kontent yarat, ta’sir qil!” shiori ostida uchrashuv tashkil etildi. Unda internet tarmog‘ida o‘z veb-sahifasi yoki ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy blog yuritayotgan, jurnalistika va blogerlik faoliyatiga qiziquvchi faol talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbatida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Tunis Xojiyev, rektor maslahatchisi Jahongir Jabborov hamda universitet Axborot xizmati rahbari Ilhom Xudoynazarov qatnashdi.

Uchrashuv avvalida ishtirokchilarga media savodxonlik, axborot xavfsizligi, internetdagi axborot xurujlariga qarshi turish va ulardan ogoh bo‘lish masalalari yuzasidan atroflicha tushunchalar berildi. Shuningdek, mediastudiya tanlovlari, istiqbolli loyihalar, mavzu tanlashda dolzarblik, yangilik va auditoriyaga ta’sirchanlik kabi muhim mezonlar haqida fikr almashildi.

Tadbir davomida yoshlarning media sohadagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish va amaliy yordam ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Talabalar o‘z fikr va g‘oyalarini erkin bayon etib, yangi loyihalar yuzasidan takliflar bildirdi.

Uchrashuv yakunida yoshlarning kreativ g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish, sifatli va ta’sirchan kontent yaratish bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.