Bitiruvchi talabalar bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi

Bugun universitetda “Dolzarb 90 kunlik” dasturi doirasida bitiruvchi talabalar uchun “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.

Tadbirda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Malika Qudratxo‘jayeva, qo‘mitaning Olmazor tumani mas’ullari, universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Tunis Xojiyev, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ullar hamda Ijtimoiy fanlar fakultetining “Yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan 100 nafarga yaqin bitiruvchi talabalari ishtirok etdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad bitiruvchi yoshlarning mehnat bozoriga tayyorgarligini oshirish, ularning kelgusi kasbiy faoliyati yuzasidan ochiq muloqot tashkil etish, shuningdek, davlat idoralari bilan hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi tizimidagi faoliyat, sohadagi mavjud imkoniyatlar hamda yosh mutaxassislarga yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, bitiruvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.

Bunday uchrashuvlar yoshlarning kasbiy yo‘nalishini belgilash, ularning bandligini ta’minlash hamda davlat tashkilotlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.