Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Buyuk ilm maskani- dorilfununim, 103 yoshing muborak boʼlsin!

Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universiteti nafaqat Oʼzbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Universitet bir asrlik faoliyati davomida 100 mingdan ortiq yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab, xalq xoʼjaligining barcha sohalarini yetuk kadrlar bilan taʼminlashda katta xizmat qildi va ilm-fanning turli sohalarida jahon eʼtirof etgan muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda. Ushbu dorulfununda tahsil olgan ziyolilardan Аbdulla Oripov, Erkin Vohidov, Said Аxmad, Ozod Sharafiddinov,Turgʼun Аzlarov, Suyuma Gʼanieva Oʼzbekiston Qahramoni oliy unvoniga, yuzlab professor-oʼqituvchilar Oʼzbekiston Respublikasi Fan arbobi unvoniga, Buyuk xizmatlari uchun ordeni va boshqa mukofotlarga sazovor boʼlganlar. Universitet olimlari va oʼqituvchilari jamoasining ilm-fan, taʼlim, maʼrifat sohasidagi, ilmiy tadqiqot, taʼlim tizimini shakllantirishdagi alohida oʼrni va xalqaro nufuzini eʼtiborga olib, 2000 yil 28 yanvarda Oʼzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining Farmoniga muvofiq mazkur ilm maskaniga “Milliy universitet” maqomi berildi.

Bugun, yaʼni 12-may kuni Oʼzbekiston Milliy Universiteti tashkil etilganligiga 103 yil toʼldi. Mazkur sana munosabati bilan Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʼlimi tomonidan universiet Bosh binosining ochiq maydonida faol talabalar ishtirokida “OʼzMU 103 yoshda” shiori ostida #HASHTAG (Xeshteg) tashkil etildi. Shuningdek, universitetda faoliyati yangi formatda yoʼlga qoʼyilgan “Talaba FM” radio loyihasida “Buyuk ilm maskani-dorilfununim” mavzusida efir soatlari uzatildi. Ushbu efir davomida uzoq yillar davomida universitetda yosh-avlodga taʼlim-tarbiya berib kelayotgan ustozlar, Tarix fanlari doktori, professor Rahbar Murtazaeva, filologiya fanlari doktori Hamidulla Boltaboev, fizika-matematika fanlari doktori, professor Shavkat Otajonov Oʼzbekiston Milliy Universitetining tarixi, tashkil topishi, bugungi kunda universitetning bir qator xalqaro nufuzli reytinglarida munosib oʼrin olishga universitet jamoasi tinmay mehnat qilayotganlini taʼkidladilar.

Darhaqiqat, Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universitetida talabalar intellektual salohiyatini oshirish, yetuk mutaxassislar tayyorlash borasida ulkan natijalarga erishildi va erishilmoqda. Biroq istiqbolda qilinadigan ishlar hali koʼp ekanini ham taʼkidlash kerak. Yakdillik, hamjihatlik, bagʼrikenglik va yuksak ilmiy salohiyat asosiy mezon boʼlayotgani universitet jamoasi har doim mamlakatimiz ravnaqiga, ona-Vatanimizning jahon hamjamiyatidagi mavqei bundan ham yuksalishiga oʼzining munosib hissasini qoʼshadi, deyish uchun bugun barcha imkoniyatlar yetarli. Bu borada Oʼzbekiston Milliy universiteti jamoasi ilm-u maʼrifat va taʼlim-tarbiya sohasidagi yutuqlarni yanada koʼpaytirish, Vatan ravnaqiga munosib hissa qoʼshish uchun qatʼiyat va shijoat bilan mehnat qilmoqda.

Buyuk ilm maskani- dorilfununim 103 yoshing muborak boʼlsin!

Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat

va maʼrifat boʼlimi