Chexiya Respublikasining DEKONTA kompaniyasi xalqaro mutaxassislari O’zMUda
Yashil iqlim jamg‘armasi, BMTTD va o‘zgidromet bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda moslashuvning o‘rta va uzoq muddatli rejalashtirilishini olg‘a surish uchun sektorlarga tayangan milliy moslashuv rejasi” loyihasi doirasida qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishiga milliy moslashuv rejasining ishlab chiqilishida ishtirok etayotgan Chexiya Respublikasining DEKONTA kompaniyasi xalqaro mutaxassislari, 2023 yilning 3-aprel kuni O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurishdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi iqtisodchilari xalqaro uyushmasi a’zosi va Chexiya akademiyasi a’zosi Lubosh Smutka, qishloq xo‘jaligi muhandisligi bo‘yicha falsafa doktori Vladimir Krepl, iqtisodiyot bo‘yicha falsafa doktori, gender bo‘yicha mutaxassis Inna Chabelkova, shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi vakillari va biologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Uchrashuv chog‘ida loyiha mutaxassislari tomonidan qishloq xo‘jaligi uchun moslashuv rejasining metodologiyasi va konsepsiya, qolaversa, loyiha doirasida hozirgi kungacha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berib o‘tildi. Shu bilan birga, uchrashuv qatnashchilari “O‘zbekistonda moslashuvning o‘rta va uzoq muddatli rejalashtirilishini olg‘a surish uchun sektorlarga tayangan milliy moslashuv rejasi” loyihasi doirasida olib boriladigan hamkorlikdagi tadqiqotlarni Scopus va Web of Science jurnallarda yoritib borish, biologiya, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti sohalarida professor-o‘qituvchilar akademik mobilligini yo‘lga qo‘yish xususida hamkorlikni yo’lga qo’yish to’g’risidagi fikr-mulohazalar bildirildi.
Uchrashuv natijasi o‘laroq yaqin kunlarda loyiha ishtirokchilari va O‘zbekiston Milliy universiteti gidrometeorologiya fakulteti mutaxassislari ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.