O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida bo‘lib, mazkur muassasa jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.


Ikki oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilm-fan, ta’lim va innovatsion faoliyat sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, yosh olimlar, magistrantlar va doktorantlar bilan faol ishlash, ularning ilmiy salohiyatini oshirish va universitetlarning metodik resurslaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Rektor Inom Madjidov uchashuv ishtirokchilariga O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyati haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, Qoraqalpoq davlat universiteti magistrantlari va doktorantlari endilikda O‘zMU professor-o‘qituvchilari bilan ilmiy hamkorlik olib borish, zamonaviy kutubxona hamda ilmiy bazalardan foydalanish imkoniyatiga ega ekani ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Qoraqalpoq davlat universiteti o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan memorandum imzolandi.
O’zMU Axborot xizmati