Ilm-fan yutuqlari — oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish xizmatida

2-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Siradjev hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mutasaddilar universitetda amalga oshirilayotgan zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion ishlanmalar hamda ularni iqtisodiyotning real tarmoqlariga joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Shuningdek, universitet huzuridagi «Molekulyar va hujayra biotexnologiyasi» oliygohlararo oʻquv-ilmiy laboratoriyasida molekulyar biotexnologiya, hujayra texnologiyalari, gen muhandisligi, mikrobiologiya va bioinformatika yoʻnalishlarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, ularning qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, tibbiyot hamda ekologik barqarorlikni taʼminlashdagi amaliy ahamiyati haqida maʼlumot berildi.

Xususan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, ekologik barqarorlikni mustahkamlash, biotexnologiya, kimyo, biologiya va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar hamda ularning amaliy natijalari taqdim etildi.

Muloqot davomida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarishga keng joriy etish, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, shuningdek, yosh olimlarni zamonaviy ilmiy tadqiqotlarga faol jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.