Bugun, 11-iyun kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakultetida “Iqtisodiy landshaft: bilim, tajriba va mahorat uchrashuvlari” haftaligi doirasida navbatdagi ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Tadbir talabalarni zamonaviy iqtisodiy jarayonlar bilan yaqindan tanishtirish hamda nazariya va amaliyot integratsiyasini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Kunning asosiy ma’ruzachisi sifatida Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi direktori Igor Leonidovich Butikov ishtirok etdi. Mutaxassis tomonidan taqdim etilgan “O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozorining shakllanishi va rivojlanishi masalalari” mavzusidagi ma’ruza yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Muloqot davomida mamlakatimiz kapital bozorining shakllanish bosqichlari, xususiylashtirish jarayonlari va sohaning bugungi holati atroflicha tahlil qilindi.
Mazkur uchrashuv “Bilim — taraqqiyotga yo‘l, Tajriba — rivojlanishga asos, Mahorat — kelajakka kafolat” degan ezgu g‘oyani amalda namoyon etdi. Seminar davomida talabalar va yosh tadqiqotchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassisidan bevosita javoblar olib, qimmatli qog‘ozlar bozorining murakkab mexanizmlari bo‘yicha o‘z bilimlarini boyitdilar.
Ma’lumot uchun, Iqtisodiyot fakultetida o‘tkazilayotgan ushbu haftalik joriy yilning 17-iyuniga qadar davom etadi. Haftalikning kelgusi kunlarida investisiyalar jalb qilish, innovatsion rivojlanish hamda iqtisodiyotda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish kabi dolzarb mavzularda uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
