O‘zbekiston Milliy universitetida rahbariyat, fakultetlar dekanlari, dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar ishtirokida shaxsiy va biometrik ma’lumotlarni himoya qilish, moliyaviy xavfsizlik qoidalariga rioya etish, firibgarlik, jinoyatchilik va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir davomida xodimlarga shaxsiy va biometrik ma’lumotlarni hech qanday holatda begona shaxslarga bermaslik, turli shubhali takliflar, “lotareya” va “sovg‘a” va’dalariga ishonmaslik, shuningdek, turli mobil ilova va onlayn platformalardan foydalanishda hushyor bo‘lish zarurligi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Bank xizmatlaridan foydalanishda barcha xabar va hujjatlarni sinchiklab o‘rganish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuvda universitetda talabalar tomonidan sodir etilgan jinoyatchilik holatlari ham tahlil qilinib, ularning kelib chiqish sabablari muhokama etildi. Jinoyatchilik va zo‘ravonlikning oldini olish, yoshlarni turli zararli g‘oyalar va firibgar ilovalardan asrash, huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zMU Axborot xizmati