“Kichik sun’iy yo‘ldoshlardan foydalanish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi

Oʼzbekiston Milliy universitetida “NICOPA: aniq qishloq xoʼjaligi uchun yangi va innovatsion kurslar” hamda “SPACECOM: Kosmik tizimlar va aloqa texnikalari boʼyicha yangi oʼquv dasturlari” loyihalari doirasida 2021 yil 8-aprel kuni "Kichik sunʼiy yoʼldoshlardan foydalanish" mavzusida seminar boʼlib oʼtdi. Ushbu seminarning asosiy maqsadi loyiha hamkorlari Berlin texnika universiteti va EXOLAUNCH GmbH kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan mahorat darslarida olingan bilimlarni keng jamoatchilikka yetkazish hamda talabalarni halqaro loyihalarda ishtirokini oshirishga qaratilgan. Tadbirda Geografiya va tabiiy resurslar, Fizika, Biologiya va tuproqshunoslikfakulьteti professor oʼqituvchilari va talabalari qatnashishdi.

Seminarda loyiha ishtirokchilari tomonidan “Kichik sunʼiy yoʼldosh tizimlari”, “Oʼzbekiston havo yoʼllari aviakompaniyasi samolyotlarini kuzatib borish”, “Masofadan zondlash orqali Toshkent shahrida yoʼllardagi tirbandlikni va yerdan foydalanishdagi oʼzgarishlarni aniqlash” mavzularida maʼruzalar qilindi.

Seminarning amaliy qismida loyiha ishtirokchilari tomonidan tayyorlangan virtual sunʼiy yoʼldoshning fazoga parvozi maxsus dasturlar yordamida barcha parametrlarni hisobga olib, modellashtirilgan holda amalga oshirildi hamda uning orbitasi, uchish balandligi, davriyligi sinovdan oʼtkazildi.

Seminar yakunida qatnashuvchilar tomonidan berilgan savollari boʼyicha erkin muloqot boʼlib oʼtdi.