Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

KORRUPSIYA – MILLAT VA DAVLAT ZAVOLI

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika va Xorijiy filologiya fakultetlari talabalari istiqomat qiluvchi 4-sonli Talabalar turar joyida Jurnalistika fakulteti taʼlim-tarbiya maslahatchisi-tyutori Akbarjon Abduraimovning tashabbusi bilan “Korrupsiya – millat zavoli” nomli maʼnaviy-maʼrifiy, huquqiy profilaktik tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti Korrupsiyaga qarshi kurashish “Kompleans-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Shoxnazar G‘ulomov va O‘zMU profilaktika katta inspektori, kapitan Sharif To‘laganovlar talaba-yoshlarga ahloq va huquqqa doir jinoyatlar tahlili va tavsifi, korrupsiyaning millat, davlat va jamiyat taraqqiyotiga bemisl darajadagi zarari xususida atroflicha maʼlumot berishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Korrupsiyaga qarshi kurashish “Kompleans-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Shoxnazar G‘ulomovning quyidagi maʼlumotlarini talaba-yoshlar katta qiziqish va hayajon bilan tinglashdi:
- “Korrupsiya bu lotincha “corruptio” so‘zidan olingan bo‘lib – buzish, yo'ldan ozdirish degan maʼnolarini bildiradi. Bu atama uyushgan jinoiy guruhning shaxsiy boylik orttirish, davlat mulkini taqsimlash jarayonida uning bir qismiga, mamlakat iqtisodiy resurslariga ega bo‘lish maqsadida urug‘-aymoqchilik manfaatlarini davlat manfaatlaridan ustun qo‘yadigan davlat xizmatidagi amaldorlarning jinoyat sodir etishini anglatadigan tushuncha sifatida atamalar lug‘atiga kiritilgan.
Xalqaro hujjatlarda birinchi bor korrupsiya tushunchasiga BMT Bosh Assambleyasining Rezolyutsiyasi bilan 1979-yil 17-dekabrda qabul qilingan “Huquqiy tartibotni saqlash bo‘yicha mansabdor shaxslarning xulq-atvor kodeksi”da to‘xtalingan bo‘lib unda korrupsiya deganda “…mansabdor shaxsning har qanday shakldagi mukofot evaziga o‘z mansab vakolatlari doirasida mazkur mukofotni beruvchi shaxs manfaatlarini ko‘zlab lavozim yo'riqnomasi qoidalarini buzgan holda yoki buzmasdan muayyan harakatlarni bajarishi yoki harakatsizligi deb tushuniladi”,- deyilgan.
BMT Bosh Assambleyasining 1990-yil Gavanada korrupsiya muammolariga bag‘ishlab o‘tkazilgan mintaqalararo seminarida qabul qilingan Davlat xizmatchilari uchun xalqaro xulq-atvor kodeksida “Korrupsiya bu – mansabdor shaxslarning shaxsiy yoki guruh manfaatini ko‘zlab mansabini suiiste’mol qilish, shuningdek, davlat xizmatchilari tomonidan o‘zlari egallab turgan xizmat vazifalaridan g‘ayriqonuniy foydalanish ko‘rinishlaridir”, - deyiladi.
Yevropa Kengashi guruhining korrupsiya muammolari bo‘yicha 1995-yil 22 – 24 fevralda Strasburgda o‘tkazilgan birinchi sessiyasida “Korrupsiya – davlat yoki xususiy tizim mansabdor shaxslarini ularning mansab vakolatlari doirasida o‘zlarining vazifalarini buzib bajarishlari uchun ularni pora evaziga og‘dirib olinishidir”, - deb taʼrif berilgan.
BMTning Korrupsiyaga qarshi konventsiyasida korrupsiyaga eng qisqa, lekin keng qamrovli quyidagicha taʼrif berilgan: “Korrupsiya bu – shaxsiy naf ko‘rish maqsadida davlat hokimiyatini suiisteʼmol qilishdir”.
Yuqoridagi fikr-mulohazalardan kelib chiqib, aytish mumkinki, bugungi kunda olimlar o‘rtasidagi bahslarda hamda jinoyat, fuqarolik, maʼmuriy, mehnat, xo‘jalik huquqi sohasidagi mutaxasisslarning ilmiy ishlarida, ommaviy axborot vositalarida “korrupsiya” iborasi turli maʼnolarda qo‘llanilmoqda.
Bu esa korrupsiya ijtimoiy-huquqiy hodisa bo‘lib, jinoyatchilikning o‘ta salbiy ko‘rinishidir, - deb xulosa qilish imkonini beradi.

Ravshanjon OMONOV,
Jurnalistika fakulteti
Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha
dekan o‘rinbosari