Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidovning Yangi yil tabrigi

Qadrli hamkasabalar, aziz talabalarimiz!
Barchangizni kirib kelayotgan Yangi - 2022 - yil bilan chin yurakdan tabriklayman.
Soat millari o‘tayotgan yilning oxirgi daqiqalari sari odimlar ekan, bir oz taraddud va tin olib, o‘tayotgan yil sarhisobi va Yangi yil rejalariga shaylanamiz.
Samarali, sermazmun, tarixiy va siyosiy voqealarga boy bo‘lgan 2021 - yil taʼlim tizimi uchun ham katta evrilishlar yili bo‘ldi. Xususan, O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zining strategik rejalarini belgilashda faollik bilan harakatlandi. Biz dunyo hamjamiyatidan, xorij tajribasidan ko‘p jihatlarni oldik va o‘rgandik. Hamkorliklarni yo'lga qo‘ydik, ilm yo'lidagi izlanishlarimiz tizimli davom etmoqda.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 - yil 24 - dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora - tadbirlar to‘g‘risida” gi PQ-60-son qarori qabul qilindi. Bu Qaror oliy taʼlim muassasalari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Qolaversa, universitet yakuniga yetayotgan yilda QS World University Rankings xalqaro reyting agentligi tomonidan Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari reytingida 254 + o‘rinni egallab 2020 - yil natijalardan 100 pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi.
Muddoamiz esa, tarix silsilalari ichra ilm beshigi bo‘lib kelgan, Markaziy Osiyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan universitetimizni ilm-fan yutuqlariga erishgan dunyo universitetlari bilan bo‘ylashish va ular bilan bo‘lishadigan ilm va tajribalar taqdim etishdan iborat.
Aslida maʼrifat yo'lidagi intilish va izlanishlar inson hayotining farovonligi, tiriklik qonuniyatininig insonparvarlik mezonlariga amal qilishini taʼminlashdan iborat.
Inson qadr-qimmati har nedan ulug‘. Har bir kashfiyot, yangilik mana shu qadrning tayanch nuqtasini topish uchun, Inson uchun qilinadi. Bu hayot haqiqati , uning asl mohiyatidir. Mana shu haqiqatni topish uchun o‘rganamiz, izlanamiz, o‘qiymiz.
2021 - yilda O‘zMU qator yutuqlarga bir jamoa bo‘lib, yakdillik bilan olib borgan maqsadli rejalari orqali erishdi.
Kirib kelayotgan 2022 - yil jamoamiz uchun katta imkoniyatlar yili bo‘lsin.
Universitet ravnaqi, uni fozillar, ilmu-urfon egalari eʼtirof etadigan marralarni qo‘lga kiritishida barchamizning hissamiz bo‘lishiga tilakdoshman. Yangi yilda yurtimizga tinchlik, ishlaringizga rivoj, ulkan muvaffaqiyatlar, oilangizga totuvlik, qalb xotirjamligi, mustahkam sog‘liq tilayman. Yangi yilingiz muborak bo‘lsin!